Breaking News

Qirg'izistondagi o'zbeklar: darsliklar yetishmaydi, isrofgarchilik serob


Qirg’izistonda o’zbek jamoasi yangi yil arafasida qurultoy o’tkazgan. Madaniy markazda o’tgan anjumanda jamoani qiynab kelayotgan muammolar, ularning kelajak haqidagi orzulari tilga oligan.

Qirgizistonda o’zbek jamoat uyushmalari o’tgan asrning 90-yillarida tashkil qilina boshlagan.

Respublika o’zbek milliy-madaniy markazi a’zosi Shavkat Tojiboyev so’zlariga ko'ra, ushbu tashkilot davlat tizimlari hamda mamlakatda faoliyat ko’rsatayotgan barcha milliy-madaniy markazlar bilan hamkorlikni yo’lga qo’ygan.

“Masalan, Qirg’iziston xalq Assambleyasi tomonidan o’tkazilgan ko’rgazmalar, musiqiy konkurs, sport musobaqalarida bizning vakillarimiz faol qatnashmoqda. Bundan tashqari, bizning markaz boshlang’icn sinflar uchun 17 mingdan ziyod darsliklar sotib olib, viloyat, tuman maktablarida ochilgan respublika milliy-madaniy markazi kutubxonalariga bepul berdi”, - deydi suhbatdosh.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, hozirda Qirg’izistonda yigirmadan ziyod o’zbek milliy-madaniy uyushmalari faoliyat ko’rsatayotgan bo’lib, ular respublika milliy-madaniy markazi hamda o’zbeklar jamiyatlarining bo’linmalari hisoblanadi. Boshqa milliy uyushmalar qatori, ular Qirg’iziston xalqi Assambleyasi tarkibiga kirgan. Faollar o’zbek milliy-madaniy markazlari oldida turgan masalalarga to’xtaladi.

“Birinchi havbatda maktab muammolari mavjud. Aytaylik, maktablarimiz darsliklar bilan yetarli darajada ta’minlanmagan. Texnik jihozlar, kompyuterlar ham yetarli emas. Ta’lim-tarbiya, farzandlarimiz kelajagiga bo’lgan munosabat nochor. Yana bir muammoga kelsak – to’ylarda, tantanalarda juda katta isrofgarchilikka yo’l qo’yiladi. Novqat tumanidagi milliy-madaniy markaz mana shunga qarshi samarali ishlar olib bormoqda”,- deydi Shavkat Tojiboyev.

O’shlik tahlilchi, Qirg’izistonda xizmat ko’rsatgan madaniyat xodimi Odiljon Obidov dastlabki milliy-madaniy markaz tashkilotchilaridan biri. Uning aytishicha, o’zbek milliy uyushmalari siyosiy tashkilotlar emas.

“Milliy markazlar aniq, ma’lum muddatga mo’ljallangan programma tuzishi darkor. Ushbu uyushmalar nima bilan shug’ullanishi kerak, ular harakat doirasi nimalarni qamrab olishi kerak, kim qanday faoliyat ko’rsatishi kerakligini belgilashi zarur”, - deydi Odiljon Obidov.

Ayni paytda Qirg’iziston o’zbeklari orasida milliy-madaniy markazlarga zarurat bormi, degan bahslar ham mavjud. Faollar “kerak, ammo ularning samadorligini oshirish darkor” deyishadi.

“Milliy markaz aslida yagona bo’lishi kerak. Ushbu uyushmalar sonini ko’paytirish o’z navbatida fikrlarning qandaydir haddan tashqari rang-barangligiga olib keladi. Yagona maqsad, yagona fikr, yagona uslub asosida ish yuritishga halaqit beradi”, -deydi tahlilchi.

Aynan milliy markazlar va fikrlar xilma-xilligi tarafdorlari ham oz emas. O’sh viloyat O’zbeklar jamiyati raisi, sobiq deputat Davron Sobirov so’zlariga ko’ra, xilma-xillik taraqqiyot shartlaridan biridir. Milliy-madaniy markazlar faoliyatini takomillashtirish, ularning mavqeini ko’tarish uchun nima qilish kerak?

“Barcha o’zbek milliy-madaniy markazlari faoliyatini uyg’unlashtirish kerak. Boshqa mamlakatlar kabi, masalan, Rossiya Federatsiyasidagi, millatlat masalasi bilan shug’ullanadigan alohida idoralar kerak. Davlat tizimlari bu ishlarga kirishmaguncha, jamoatchilik tashkilotlari o’z kuchi bilan faoliyatini rosmana yo’lga qo’yishi qiyin”, - deya xulosa qiladi Odiljon Obidov.

XS
SM
MD
LG