Nigeriya - terror o'chog'imi?


Rojdestvo kunida AQSh samolyotini portlatishga uringan 23 yoshli nigeriyalikka bugun sudda rasman ayblovlar qo'yiladi. Umar Faruh Abdulmutallab olti jinoiy modda bo'yicha ayblanmoqda. Tahlilchilar "Nigeriya terrorizm o'chog'imi" degan savolga javob izlamoqda.

Nigeriya hukumati fuqarosi Abdulmutallab sabab butun boshli mamlakatni terror o'chog'i sifatida ko'rmaslikni so'ramoqda. Ustiga ustak, deydi ular, Abdulmutallab hayotining aksariyat qismini mamlakat tashqarisida o'tkazgan.

Nigeriya hukumati fuqarolarining Amerika aeroportlarida o'ta sinchkovlik bilan tekshirilishi shart bo'lgan 14 mamlakat qatoriga qo'shilganidan norozi. Bu ikki tomonlama aloqalarga putur yetkazishi mumkin, deydi Afrikadagi bu davlat rasmiylari.

Tahlilchi Piter Famning aytishicha, Nigeriyada diniy ekstremizm kuchayib bormoqda.

"G'arbiy Afrikadagi musulmon mamlakatlar odatda tinchliksevar bo'lgan, chunki ular so'filar ta'siri ostida rivojlangan. Biroq so'nggi 15-20 yil ichida radikal kuchlar ko'payib bormoqda", - deydi Fam.

Yaqinda Nigeriyaning Bauchi shahrida diniy ekstremistlar aralashgan zo'ravonliklarda o'nlab odamlar halok bo'lgan.

Tahlilchi Fam nazarida Nigeriyada bunday guruhlar ko'pchilikni tashkil etadi va ularning faoliyatini yaqindan nazorat qilish kerak.

"Masalan, Hizbulloh Nigeriyada o'z sho'basiga ega va ular mamlakat shimolida ba'zida harbiy paradlar uyushtirib turadi. Bu kabi guruhlar pulni tashqaridan oladi".

Nyu-York shahridagi universitet professori, asli nigeriyalik Okome ismli mutaxassisning aytishicha, terror xavfini aniq bir mamlakatga bog'lash noto'g'ri.

"Terrorchi Nigeriyadan chiqqan bo'lsayoq, barcha nigeriyaliklarni ehtimoliy terrorchi deya tamg'alash vaziyatni yaxshi anglamaslikdir. Jahon globallashib bormoqda. Xavf istalgan joydan chiqishi mumkin", - deydi siyosatshunos.

XS
SM
MD
LG