Afg'onistondagi xuruj ketidan AQSh razvedkasi o'zini oqlamoqda


AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi rahbari Leon Panetta Afg’onistonda o’tgan oy irodaniyalik vrach sodir etgan xuruj va yetti agentning o’limini sharhlamoqda.

U hujum kasbiy loqaydlik va uquvsizlik sabab ro’y bergan degan ayblovni rad etmoqda.

“SRU xodimlari hujumchini to’xtatishga, uni idoraga yo’latmay, kattaroq fojeaning oldini olishga muvaffaq bo’lgan”, - deydi Panetta. “Agentlik o’z faoliyati haqida jar solmasa-da, yutuqlar, erishilgan muvaffaqiyatlar talaygina”, - deydi u.

30 dekabr kuni iordaniyalik doktor 36 yoshli Humam Halil al-Balaviy Afg’onistonning Xost viloyatida “Chepmen” bazasida AQSh Markaziy Razvedka Boshqarmasi xodimlari bilan uchrashayotib, o’zini portlatib, sakkiz kishini o’ldirgan edi. Yetti nafari AQSh razvedkasi, biri Iordaniya maxfiy xizmati xodimi ekani xabar qilinmoqda.

Al-Balaviy bir vaqtning o’zida ham Iordaniya razvedkasiga ishlagani, ham Al-Qoidaning josusi bo’lgani aytilmoqda.

U bir yil oldin qamoqqa olinib, Iordaniya maxfiy xizmatiga ishlashga rozi bo’lgan, bu vaqt ichida ikkiyoqlama o’yin olib borgan. Al-Qoida yetakchilaridan biri Ayman al-Zavohiriyni tutishda yordam beraman, deb va’da qilib AQSh bazasiga kirish uchun ruxsat olgan.

Bugun matbuotda al-Balaviy tasvirlangan video e’lon qilingan. O’limidan oldin yozilgan tasmada Humam Halil al-Balaviy Pokistondagi Tolibon rahbari, marhum Baytulla Masud uchun qasos olishga va’da bergan.

Videoda u Pokistondagi toliblarning yangi sardori Hakimulla Masud bilan yonma-yon o’tirib, so’zlagan.

Uning aytishicha, AQSh va Iordaniya razvedka xizmatlari millionlab dollar mukofot va’da qilib, uni hamkorlikka, Tolibonga qarshi josuslik qilishga undagan.

Biroq al-Balaviy toliblar safini tanlagan. Bu – xurujlarning boshlanishi, AQShga qarshi bunday hujumlar davom etadi, deydi u.

Mazkur voqea ketidan Iordaniya hukumati Afg’onistonda terrorizmga qarshi kurashda, harbiy va gumanitar loyihalarda faol qatnashishini ma’lum qilmoqda. Iordaniya Tashqi ishlar vaziri Nosir Jude kecha Vashingtonda AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton bilan uchrashgan.

XS
SM
MD
LG