Terror xavfi kuchli ekan, Guantanamodagi asirlar ozod qilinmaydi




Amerika Guantanamoda o’tirgan yamanlik mahbuslarni hozircha vataniga qaytarmoqchi emas.

Yaman Obama ma’muriyati nazarida tahdid o’chog’i.

AQShga qarshi hujum qilishga urinayotganlar bu mamlakatda treyningdan o’tgani haqida ma’lumotlar bor.

AQSh razvedkasining bildirishicha bir paytlar Guantanamoda asir bo’lgan yamanliklardan ikki nafari hozir Al-Qoidaning bu davlatdagi ishongan odamlari.

Guruh bu jamiyatda chuqur ildizga ega. Hozir Guantanamoda o’tirganlarning 90 ga yaqini, ya’ni yarmi ham aynan Yamandan.

Oq Uy ularni vataniga qaytarishga qaror qilgan edi, ammo yangi yil arafasida terror xuruji qilishga uringan shaxs Yamanda dars olgani ma’lum bo’lgach, Vashington bu ahdidan qaytishga majbur bo’ldi.

Xavfsizlik siyosati ortida turgan respublikachi senator Jon Makkeyn prezident Obama o’ylab ish tutayapti deydi.

“Guantanamodan vataniga jo’natilgan yamanliklar bugun yana terroristlar. Ular o’zini portlatayapti, qonli xurujlar ortida turibdi. Ularni yo’q qilish kerak”,- deydi Makkeyn.

Obama Guantanamodagi qamoqni yanvar oyi oxirigacha yopishga so’z bergan. Prezident qarorida qat’iy.

Tahlilchi Piter Beynart deydiki, Amerika ommasi Obamaning bu qarorlarini quvvatlaydi. Lekin inson huquqlari toptalmoqda:

“Xavfsizligimiz tahdid ostida qolganda, tabiiyki, hammamiz prezidentdan najot kutamiz. Ko’zimiz, umidimiz unda. Bunday qaltis damlarda inson huquqlari xavfsizlik talabi soyasida qolib ketadi. Huquq asosiy o’rinda emas. AQSh tinchligi Guantanamodagi mahbuslar huquqidan ustun qo’yilmoqda”.

Piter Beynart nazarida Guantanamodagi 200 ga yarin asirni vataniga qaytarmay Amerikadagi mahkam turmalarga ko’chirish kerak. Yana bir ekspert, Jeyms Filips ham shu fikrda.

“Mahbuslarni ona yurtiga jo’natish bizga har jihatdan qimmatga tushadi.Ularni qo’yib yuborsak, tamom, butun nazoratni boy beramiz”, - deydi u.

Asirlarning ko’pi Yaman singari repressiya va qashshoqlik domida yashovchi jamiyatlardan. Bu davlatlar o’z fuqarolarini AQSh qo’lidan olish uchun turli va’da va kafolatlar bermoqda. Oq Uy bu hukumatlar bilan xavfsizlik sabab hamkorlik qilsa-da, ularga ishonchi past.

XS
SM
MD
LG