Markaziy Osiyo neft va gaziga raqobat avjida


2009 yil tabiiy resurslar uchun global raqobat maydonida katta o’zgarishlar davri bo’ldi. Xususan Markaziy Osiyo energetik bozorini egallashda Rossiya, Xitoy va Eronning qo’li baland kelmoqda.

Yaqinda bu davlatlar gaz eksporti bo’yicha yirik bitimlar imzolagan. Siyosatdonlar nazarida G’arb bu poygani hozircha boy beryapti.

O’tgan oy Xitoy, Turkmaniston, O’zbekiston va Qozog’iston rahbarlari ishtirokida turkman tabiiy gazini Shinjonga eltuvchi loyiha ishga tushdi. To’rt mamlakatni kesib o’tuvchi yangi quvur orqali Xitoyga yiliga 40 milliard kubometr gaz eltish rejalangan.

Markaziy Osiyo gazining asosiy xaridori bo’lmish Rossiya sal avval loyihaga oq fotiha bergan edi. Sharhlovchilar izohicha, bu Kreml va Pekinning mintaqadagi manfaatlari uyg’un degani emas, balki G’arb ta’sirini kamaytirish yo’lida ular birga ishlay olishi, xususan energetik sohada hamkorlik davom etayotgani isbotidir.

Yaqinda Ashgabatga safari chog’ida Rossiya rahbari Dmitriy Medvedevning Turkmaniston bilan sovigan aloqalarni izga sola olgani ham yuqori baholanmoqda. O’tgan yilning aprelida gaz quvuridagi portlash nizoga sabab bo’lib, Rossiyaga gaz eksporti keskin kamaygan edi. O’rtadagi yangi kelishuvga ko’ra, nafaqat ta’minot tiklanadi, balki Gazprom Turkmanistonga yevropacha narxlarda to’lay boshlaydi.

Energetika masalalari bo’yicha mutaxassis-konsultant Jennifer Kulij fikriga ko’ra, aslida Rossiya turkman gaziga ehtiyojmand emas. Buning ustiga, Gazprom mahsulotni Yevropa narxlarida xarid qilishdan foyda ko’rmaydi.

Gap bu yerda G’arb olg’a surayotgan muqobil quvurlarga to’siq qo’yish haqida ketayotgan bo’lsa ajabmas. Turkmaniston gazini Rossiyaga yuqori bahoda sota olsa, mahsulotni xalqaro bozorlarga chiqarishga hojat qolmaydi. Har holda, Kremlda shunday fikr hukmron, deydi sharhlovchilar.

Kavkaz va Markaziy Osiyo gazini Rossiyani chetlagan holda, Turkiya orqali Yevropaga uzatuvchi “Nabukko” quvuri anchadan beri muhokamada. Qurilish shu yil boshlanib, 2014 yilda ishga tushishi rejalangan. Biroq Yevropaning Rossiya gaziga tobelikdan qutulishi uchun muhim bo’lgan bu loyiha muvaffaqiyati unda ishtirokchi davlatlar o’rtasidagi siyosiy chigalliklar yechim topishiga bog’liq.

“Ozarbayjon, Turkiya va Armaniston o’rtasidagi murakkab munosabatlar bu jumboq asosida yotadi,” - deydi tahlilchi Jennifer Kulij. “Rasmiy Boku Tog’li Qorabog’ mojarosi hal bo’lmasdan turib, Turkiya Armaniston bilan muzokara boshlaganidan norozi. O’rtada tranzit va gaz narxi bo’yicha kelishmovchiliklar ham talaygina”.

Yaqinda Turkmanistonning Davlatobod gaz koniga ulangan Eron Nabukkoga qo’shilishga hamda turkman gazini Turkiyaga yetkazishga ishtiyoqmand.

Jennifer Kulij nazarida bu shunchaki siyosiy bayonot, chunki Eronni ishonchli tranzit nuqtasi deb ko’rish qiyin. Gaz infrastuzilmasining texnologik qoloqligi barobarida mamlakat hozir uch karra sanksiyalar ostida.

“Yevropa Ittifoqida Turkmaniston gaziga qiziqish baland. Rasmiy Ashgabat Nabukkoga 10 milliard kubometr sotishga tayyorligini bildirib keladi. Ammo o’tgan bir oy ichida imzolangan shartnomalardan bilamizki, Turkmaniston mavjud eksport salohiyatini yaqin kelajakda uch davlat - Rossiya, Xitoy va Eronga qaratadi”.

“Agar AQSh va Yevropa ilgari surayotgan loyihalarga qo’shilsa, mahsulot yetkazib bera olishi savol ostida. Rasmiy Ashgabat qo’shimcha gaz konlarini ishga tushirishi, xalqaro energetik kompaniyalar faoliyatiga qo’ygan cheklovlarni olib tashlashiga to’g’ri keladi”, - deydi Jennifer Kulij.

Mulohazalarga ko’ra, G’arb Markaziy Osiyo bilan energetik savdo orqali bog’lanish imkoniyatini hozircha boy berdi hisob. Rossiya eksport yo’llarini nazoratdan chiqarmaslik uchun jon-jahdi bilan kurashib, o’z pozitsiyasini mustahkamlash harakatida. Xitoy esa Markaziy Osiyo uchun ulkan bozor. Mintaqa hukumatlarining vazifasi - savdo yo’llarini kengaytirib, ustunlikni hech biriga berib qo’ymaslik.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG