Yaman hukumati jangarilarga murosa taklif qilmoqda


Qo'shma Shtatlar Yamanga al-Qoidaga qarshi kurashda yordam berishga ahd qilgan bir paytda Yaman prezidenti Ali Abdulla Solih qurollarini tashlamoqchi bo'lgan jangarilar bilan muloqot qilishga tayyor ekanini aytmoqda. Ammo, deydi Yaman rahbari, boshini egmagan jangarilarga qarshi murosasiz kurash olib boriladi.

Yangi yildan oldin AQSh samolyotini portlatishga uringan 23 yoshli nigeriyalikning Yamanda tayyorgarlikdan o'tgani ayon bo'lgach, Obama ma'muriyati Guantanamo harbiy qamoqxonasidagi yamanlik mahbuslarning vataniga chiqarilishini to'xtatib qo'ygan.

Yaman armiyasi Arhab va Shabva viloyatlarida AQSh yordamida al Qoida jangarilariga qarshi operatsiyalar o'tkazmoqda. Biroq, deydi mutaxassislar, Yamanda al Qoidadan tashqari boshqa ekstremistik guruhlar ham bor.

Mahalliy qabila yetakchilaridan biri Xolid G'olib al Ashdaaning aytishicha, jangarilarning aksariyati ilgari hukumatni qo'llab-quvvatlagan.

"Ular 1994 yili janubdagi bo'lginchi kuchlarga qarshi janglarda hukumatga yordam bergan, Afg'onistonda esa Sovet qo'shinlariga qarshi kurashgan", - deydi u.

Al Ashdaaga ko'ra hozirgi sharoitda bu odamlar bilan muzokara qilgan ma'qul.

"Hukumat bu jangarilar muammolarini hal qilishga yordam bersa, ular bilan til topishish mumkin bo'ladi. Ammo hukumat mas'uliyatdan qochyapti", - deydi al Ashdaa.

G'arb tahlilchilari nazarida Afg'oniston va Pokistondan siqib chiqarilgan al Qoida jangarilari Yamandan qo'nim topgan.

XS
SM
MD
LG