Breaking News

Shimoliy Koreya muzokaralarga qaytish shartlarini bildirmoqda


Shimoliy Koreya yadro dasturi bo'yicha xalqaro muzokaralarga qaytishga tayyor ekanini aytmoqda. Biroq avval Pxenyan unga qarshi sanksiyalar bekor qilinib, AQSh bilan tinchlik bitimi imzolanishini talab qilmoqda.

Mamlakat davlat axborot agentligining Tashqi ishlar vazirligi bayonotiga ishora qilib xabar berishicha, Shimoliy Koreya muzokaralarni davom ettirishdan oldin Qo'shma Shtatlar bilan aloqalar yaxshilanishini talab qilmoqda.

Koreya Xalq Demokratik Respublikasiga asos solinganidan beri ikki davlat o'rtasida diplomatik aloqalar yo'q. 1950-53 yillardagi Koreya urushidan beri esa AQSh va Shimoliy Koreya hanuz urush holatida. Rasmiy Pxenyan nazarida munosabatlarning bugun ham sovuqligiga aynan shu hol bosh sababdir.

Koreya urushida AQSh janubni himoya qilgan va bu mamlakatda 28 ming qo'shinga ega.

Janubiy koreyalik tahlilchi Cho Yon Tayning aytishicha, Pxenyan Vashington bilan munosabatlarning yaxshilanishini istaydi.

Shimoliy Koreya yadro dasturi bo'yicha olti tomonlama muzokaralarga qaytishdan oldin unga qo'yilgan sanksiyalarning bekor qilinishini ham talab qilmoqda.

BMT sanksiyalari 2006 yili va qo'shimcha tarzda o'tgan yili Shimoliy Koreya yadro qurollari sinovlaridan so'ng kiritilgan.

Olti tomonlama muzokaralar ishtirokchilari bo'lmish Xitoy, Rossiya, Yaponiya, AQSh va Janubiy Koreya so'nggi yetti yildan beri Pxenyanni moliyaviy, energetik va diplomatik yordam evaziga atom dasturidan voz kechishga undab keladi.

Shimoliy Koreya bunday qilmas ekan, Qo'shma Shtatlar u bilan do'stona aloqalar o'rnatmoqchi emas.

XS
SM
MD
LG