Xitoy rasmiy Berndan uyg'urlarni qabul qilmaslikni so'ramoqda


Xitoy hukumati Shveysariya va boshqa davlatlardan Guantanamodagi uyg'ur mahbuslarni qabul qilmaslikni so'ramoqda. Rasmiy Pekin nazarida uyg'urlar jinoyatchi va Xitoyda sud qilinishi kerak.

Pekindagi muxbirimiz Stefani Xoning xabar berishicha, Barak Obama prezidentlikka kelganida, Guantanamodagi qamoqxonani bir yil ichida yopishga va'da bergan edi. Muhlat nihoyasiga yetar ekan, AQSh rasmiylari 7 nafar uyg'ur mahbusni qayerga joylashtirishni bilmay hayron.

Mamlakati - Xitoyga qaytarsa, ular qiynoqlarga solinishi mumkin, boshqa davlatlar esa Xitoy bosimi va g'azabidan cho'chib, ularni qabul qilishga shoshmayapti.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi so'zlovchisining aytishicha, ularni ozod etish ham, uchinchi mamlakatga ko'chirish ham mumkin emas.

"Bu uyg'urlar - BMT tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan Sharqiy Turkiston Islomiy Harakati a'zolaridir. Ularni Xitoyga, adliya qo'liga topshirish zarur", deydi u.

Guantanamoda saqlangan uyg'urlarning ba'zilari shu paytgacha Albaniya, Bermuda va Palauga jo'natilgan. Qonunchilar noroziligi tufayli Qo'shma Shtatlar ularni o'ziga olmayapti. Ikki nafarini Shveysariya qabul qilishi mumkin.

Rasmiy Pekin Berndan bu ishni qilishdan oldin ikki tomonlama aloqalar kelajagi haqida o'ylashni tavsiya qilmoqda.

Shveysariya hukumati bu borada bir to'xtamga kelmaganini aytadi.

O'tgan oy qochqinlik maqomini so'rab Kambodjaga borgan 22 nafar uyg'ur Xitoyga qaytarilgan edi. Ular mamlakatida ekstremizm va bo'lginchilikda ayblamoqda. Uyg'urlar esa Xitoy hukumatini ularni kundalik ravishda kamsitayotganlik va qatag'onlarda ayblaydi.

XS
SM
MD
LG