O'zbekiston erkinlik bobida "yomonlarning yomoni" ro'yxatida


Jahon bo'ylab demokratik jarayonlar va siyosiy huquqlarni kuzatuvchi, AQShda asoslangan Freedom House - "Ozodlik uyi" tashkilotining bildirishicha, dunyoda erkinlik darajasi so'nggi 4 yildan beri pastga qarab ketmoqda.

"Ozodlik uyi" kuzatuvlariga ko'ra 2009 yil inson huquqlari himoyachilari va fuqarolik faollari uchun o'ta og'ir davr bo'lgan. Eronda namoyishlar ketidan yuzlab odamlar hibsga olingan, Xitoy huquq faollarini ta'qib etishda davom etmoqda, Rossiyada jurnalist va faollar o'ldirilib, jinoyatlar ochilmagan.

Tashkilot tadqiqotchisi Arch Paddingtonning aytishicha, o'tgan yili 40 mamlakatda ahvol yomonlashib, 16 tasida ijobiy o'zgarishlar kuzatilgan.

"Salbiy jarayonlar deyarli hamma joyda - Afrika, Yaqin Sharq, Latin Amerikasi va sobiq Sovet davlatlarida qayd etilgan", - deydi mutaxassis.

"Ozodlik uyi" har bir mamlakatda erkinlik darajasini o'rganib, unga baho beradi. Yangi jadvalga ko'ra, 194 davlatdan 89 tasi "erkin", 47 tasi "erkin emas", qolganlari esa "qisman erkin" deb belgilangan. Erkin bo'lmagan davlatlar soni 2008 yilga qaraganda 5 taga ko'paygan.

Tashkilot, shuningdek, 9 mamlakat va bir hududni erkinlik darajasi borasida "yomonlarning yomoni" deb ta'riflagan. Bular Birma, Ekvatorial Gvineya, Eritreya, Liviya, Shimoliy Koreya, Somali, Sudan, Tibet, Turkmaniston va O'zbekiston.

Arch Paddington nazarida o'tgan yili Rossiya, Xitoy, Venesuela va Eron kabi davlatlar maydaroq avtoritar rejimlarni himoya qilib, fuqarolik guruhlari va nodavlat tashkilotlar ustidan nazoratni kuchaytirgan.

"Ozodlik uyi" barcha qit'alardan Osiyoda ahvol ancha yaxshilangan deydi. Yaqin Sharq va Afrikada esa, aksincha, yomonlashgan.

XS
SM
MD
LG