AQSh va Rossiya munosabatlari yangi davrni boshdan kechirmoqda






Barak Obama prezidentlikka saylangach, Rossiya bilan aloqalarni yangilashga so'z bergan edi. So'nggi bir yil ichida Oq uy ma'muriyati Kreml bilan muloqotni jadallashtirib, turli masalalar bo'yicha fikr almashishga muvaffaq bo'lgan.

Mart oyida AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovga ramziy sovg'a hadya etgan edi. U knopkaga o'xshash narsa bo'lib, uni bosish aloqalarni yangilash ma'nosini bildirishi nazarda tutilgan edi.

Rossiyalik mustaqil tahlilchi Aleksandr Konovalov so'nggi oylarda munosabatlar iliqlashganini tan oladi. Uning aytishicha, sobiq prezident Bush Rossiya iqtisodiyoti hali rivojlanmagani va yadro arsenali eskirayotgani sabab Sovet Ittifoqi vorisini jiddiy qabul qilmagan.

"Obama ma'muriyati o'zidan oldingi siyosatning xato ekanini angladi. Rossiyaning jahondagi jiddiy mavqei va ta'siri hisobga olinmagan edi. Amerika Rossiyaga, Rossiya esa Amerikaga kerak", - deydi mutaxassis.

Konovalov nazarida har ikki davlat terrorga qarshi urush, qoradori savdosiga qarshi kurash, Afg'oniston, Eron yadro dasturi, atom qurollarini tarqatmaslik kabi mushtarak masalalar bo'yicha hamkorlik qilishi lozim.

Iyul oyida prezident Obama Moskvada bo'lganida, yadro qurollari sonini uchdan biriga qisqartirish bobida Moskva bilan dastlabki shartnomaga kelishgan edi.

"Yadro xavfsizligini oshirish va atom qurollari tarqalishining oldini olish borasida muhim qadam qo'ydik. Bu tashabbusni o'z yadro arsenalimizni qisqartirishdan boshlaymiz", - degan edi o'shanda Barak Obama.

AQSh va Rossiya o'tgan oy muddati tugagan Strategik qurollarni kamaytirish bitimini yangilashga harakat qilyapti. Oq uy va Kreml tez kunlarda shartnoma imzolanadi demoqda.

Rossiya prezident Obamaning Markaziy Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimini o'rnatish rejasidan qaytganini olqishlab, NATOning Afg'onistondagi kuchlariga yuk-anjomlar yetkazishda o'z hududidan foydalanishga ruxsat berdi.

Biroq o'tgan oy prezident Dmitriy Medvedevning "Rossiya yangi raketalar yaratish niyatida" degan so'zlari Vashingtonni xavotirga soldi.

"Strategik hujumkor qurollarsiz mamlakatimizni mudofaa qila olmaymiz", - deydi Medvedev.

Aleksandr Konovalovning aytishicha, aloqalar yaxshilanayotganiga qaramay yechimini kutayotgan hali ko'p masalalar bor.

"Davlatlar bir-biriga ishonishni o'rganishi lozim", - deydi u.

Ishonchsizlik asosida AQSh va Rossiyaning sobiq Sovet respublikalariga nisbatan siyosatlarining qarama-qarshiligi yotibdi. Kreml ularni o'z manfaatlari doirasidagi hududlar desa, Obama ma'muriyati har bir davlat mustaqil va boshqasining manfaatlari doirasiga kirmasligi kerak, deydi. Shu bilan birga Rossiya NATOning sharq tomon kengayishi hamda unga Ukraina va Gruziyaning kiritilishiga qarshi chiqmoqda.

XS
SM
MD
LG