Breaking News

Amerika afg'on dehqonlariga 20 million dollar yordam ajratadi


Afg’onistonda qishloq xo’jaligini rivojlantirish xavfsizlikdan keyingi bosh masala.

Bir paytlar meva eksporti bo’yicha yetakchilardan bo’lgan bu davlat bugungi kunda dunyo qoradori sanoati manbai. Jahonda afyunning 90 foizi Afg’onistonda ishlab chiqariladi.

AQSh va NATO davlatlari harbiy qo’shin barobarida Afg’onistonga texnik va moliyaviy ko’makni oshirishni ko’zlamoqda.

AQSh Qishloq Xo’jaligi vaziri Tom Vilsak yaqinda Afg’onistonda bo’lib, hukumat a’zolari va dehqonlar bilan uchrashib qaytdi. Afg’onlar yordamga muhtoj, deydi u.

“Afg’onistonda aholining 80 foizi dehqonchilik qilib kun ko’radi. Mamlakat yalpi milliy mahsulotining uchdan-biri ham shu sohaga to’g’ri keladi. Ekin maydonlarining faqat yarmidan foydalanilayotganini hisobga olsak, imkoniyatlar hali bir dunyo”, - deydi Tom Vilsak.

Agrar islohotlar urushlardan tinkasi qurigan Afg’oniston aholisi uchun ish va bir burda non degani. Qishloq joylarida odamlarning 40 foizi ishsiz. Qo’shma Shtatlar soha rivoji uchun 20 million dollar ajratmoqda. Odamlar turmushini yaxshilashga qaratilgan loyihalar tinchlikni tiklashda muhim rol o’ynaydi.

Inqirozlarni o’rganuvchi xalqaro guruh vitse-prezidenti Mark Shnayderning qayd etishicha, Barak Obama prezidentlikka kelishi bilan Afg’oniston agrosanoatini rivojlantirish birinchi o’ringa chiqdi.

Bush davrida janubiy viloyatlarni qoradoridan tozalash va dehqonlarni muqobil ekinlarga o’tishga qanchalik harakat qilinmasin, bu siyosat samara bermagan. Katta-katta yer maydonlarida hosil yo’q qilingani aholi orasida chuqur norozilik uyg’otgani tabiiy, chunki dehqon meva-chevadan buncha daromad ololmaydi.

Qishloq Xo’jaligi vaziri Tom Vilsakning tushuntirishicha, “qoradori savdosi bu biznes bilan shug’ulluvchi guruhlarga mo’maygina daromad keltiradi. Ishni osonlashtirish uchun ular dehqonga oldindan kredit uzatib, barcha xarajatlarni qoplaydi. Mahsulot tayyor bo’lgach, o’zlari olib ketishadi”.

Shunday ekan, dehqonning boshqa ekin ekishga na ehtiyoji, na qiziqishi bor.

Masala qanchalik murakkab ekani AQSh rasmiylariga ayon. Islohot dasturini irrigatsiya va transport tizimlarini yangilashdan boshlash zarur. Fermerlarga o’z mahsulotini bozorga olib chiqish uchun imkoniyatlar kerak.

AQSh Afg’onistonga mutaxassislarni yuborib, dehqonlarga urug’ tanlash va saralashda yordam bermoqchi. Qoradori yetishtirishda yetakchi viloyatlardan biri Hilmandda ayrim dasturlar samara bera boshlagan.

Obama ma’muriyati Afg’oniston qishloq xo’jaligini rivojlantirishga bel bog’lagani to’g’ri qaror, deydi ekspertlar. Biroq sarmoya ish berishi uchun ancha vaqt kerak. Hozircha qoradoriga talab pasaygani sezilmaydi.

XS
SM
MD
LG