Breaking News

Amerika bozorida mavhumlik, krizis tugaganicha yo'q


Amerikada moliyaviy inqiroz sekin-asta chekinayotganiga qaramay, jarayon juda sust kechmoqda. Iqtisodiyot tayanchi hisoblanmish savdo-sotiq va ko’chmas mulk bozorida ahvol hamon tang.

Tahlillarga qaraganda, bu yili yana minglab amerikaliklar uy-joyidan ayrilishi mumkin. Mamlakatda ishsizlik 10 foiz atrofida qolmoqda.

Bu orada, krizis boshida turgan ayrim sarmoya kompaniyalari bugun yana daromad ola boshlagan. Prezident Barak Obamaning ta’kidlashicha, ular aybini tan olib, hukumatdan olgan yordamini ortig’i bilan qaytarishi shart.

AQSh Markaziy Banki berayotgan ma’lumotga ko’ra, iqtisodiyotning ayrim sektorlarida ko’rsatkichlar ijobiy. Ammo ishsizlik sur’ati hamon yuqori. O’tgan oy ular safi 85 mingga kengaydi.

Amerikadagi yirik lobbichi tashkilotlardan biri, Tijorat Palatasi rahbari Tomas Donaxyu fikricha, asosiy muammo vaziyat mavhum ekanida. Bizneslar qadamini o’ylab bosishga majbur.

“Kichik va o’rta kompaniyalar sarmoya qilishga, odam yollashga shoshmayapti. Biznes nuqtai nazaridan bu to’g’ri qaror. Vaziyat oydinlashishini kutishyapti”, - deydi Donaxyu.

Hukumat, biznes va kasaba uyushmalari birgalikda harakat qilsa, deydi u, Amerikada kelasi 10 yilda 20 million ish o’rni yaratish mumkin. Tijorat Palatasi nazarida buning uchun eksport hajmini oshirish, mamlakat infratuzilmasini yangilash hamda soliqlarni hozirgi darajada qoldirgan ma’qul.

To’g’ri, byudjet kamomadi hozir har qachongidan yuqori. Lekin soliqlarni oshirish yoki yangilarini joriy etish payti emas, deydi Tijorat Palatasi rahbari.

“Qonunchilar, Oq uy rasmiylari va mahalliy hokimiyatlar bir narsani tushunishi kerak - iqtisodiyotimiz zaif. Taklif qilinayotgan yangi soliq va to’lovlarni ko’tara olmaydi. O’sishning beliga tepgan bo’lamiz”.

Prezident Barak Obama krizisga sababchi bo’lgan 50 dan ortiq yirik bank va moliyaviy tashkilotlarga jarima solishni taklif qilmoqda. Bank rahbarlari uni tanqid qilib, bu xarajatlar oxir-oqibat iste’molchi bo’yniga tushadi deya ogohlantiryapti.

“Bu taklif saylovlar arafasida, siyosiy manfaat yo’lida iqtisodiy tizimni suiste’mol qilish degani. Qosh qo’yaman deb, ko’z chiqarishi hech gap emas. Yaxshiyam Kongress tasdig’idan o’tishi kerak bunday qarorlar”, - deydi lobbichi tashkilot rahbari.

Amerikaliklar Obama rahbarligining birinchi yilini baholar ekan, terrorizmga qarshi kurash bobida uni dadil deya olqishlashadi. Aholining yarmi hozirgi iqtisodiy ahvoldan norozi.

XS
SM
MD
LG