Breaking News

Gaitiga gumanitar yordam va xavfsizlik - bosh masalalar


Dahshatli zilziladan talofat ko’rgan Gaiti suv, oziq-ovqat va dori-darmon kutayotgan bir paytda, xalqaro insonparvarlik tashkilotlari ta’rifiga ko’ra aholi orasida umidsizlik va tushkunlik kayfiyati hukmron.

Dunyo ahli ularga ko’mak berishga oshiqmoqda. Qo’shma Shtatlar Gaiti hukumati bilan shartnoma tuzib, poytaxt Port-o-Prins aeroporti boshqaruvini nazorat ostiga olgan. Turli davlatlar yetkazayotgan favqulodda yordam shu yerdan mamlakat bo’ylab tarqatiladi.

Yetti ballik zilzila Port-o-Prinsni vayronaga aylantirib, o’n minglab insonlarni qaqshatgan. Omon qolganlar to’rt kundan beri ko’chada, yordam kutmoqda. Ochlik va ilojsizlikdan ko’pchilikning sabr-kosasi to’lib, vaziyat izdan chiqishi, jinoyat va tartibsizliklar avj olishi mumkin.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton, Xalqaro Taraqqiyot agentligi rahbari Rajiv Shoh hamrohligida, bugun Gaitida bo’lib, vaziyat bilan tanishmoqda. Qidiruv-qutqaruv ishlariga halal bermaslik uchun safar rejasi poytaxt aerportida uchrashuvlar bilan chegaralangan.
AQSh hukumati Gaitiga 100 million dollar yordam ajratmoqda. Xususiy va nohukumat tashkilotlar yana shuncha va’da qilgan.

Hisoblarga qaraganda, zilzila paytida Amerikaning 45 ming fuqarosi Gaitida bo’lgan. Ular Klintonni mamlakatga yetkazgan yuk samolyotida evakuatsiya qilinadi.

BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun dunyo hamjamiyatidan zilzila jabrdiydalariga 550 million dollar ajratishni so’ramoqda. “Qutqaruv ishlari jadal olib borilayotganiga qaramay, vayronalar ostida tirik qolganlarni topish imkoniyati asta-sekin boy berilyapti”, - deydi u.

Tabiiy ofat, turli hisoblarga ko’ra, 100 ming kishining yostig’ini quritgan bo’lishi mumkin. Mahalliy rasmiylar hozirgacha 40 ming odam dafn etilganini aytmoqda.

Gaiti poytaxtida na politsiya, na tartibni saqlovchi boshqa bir idora ishlayapti. Port-o-Prins qamoqxonalaridagi minglab mahbuslar ozod ekan, talon-taroj, bosqinchlik va jinoyat avj oladi degan xavotirlar bor.

Qo’shma Shtatlar orol davlatga 10 ming askar safarbar etishni rejalamoqda. Prezident Rene Preval hokimiyatni qayta qo’lga olishi uchun uni aloqa vositalari bilan ta’minlamoqda.

XS
SM
MD
LG