Yevropa tashkilotiga raislik Qozog'iston uchun jiddiy sinov


Markaziy Osiyo va sobiq Ittifoq davlatlaridan birinchi bo’lib Qozog’iston Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga (YXHT) raislik qilishga erishdi.

Qozog’iston tanlanishi turli munozaralar, inson huquqlari tashkilotlarining norozilik chiqishlari bilan kuzatilmoqda.

Mulohazalarga ko’ra, Qozog’iston xalqaro jamoatchilikka mintaqa imkoniyatlarini kengroq namoyish etish, mamlakatning o’zida esa boshqaruvni demokratik tamoyillarga moslashtirish uchun harakat bo’lishi lozim.

Prezident Nursulton Nazarboyevning aytishicha, o’zaro ichonch, an’analar, oshkoralik va bag’rikenglik Yevropa tashkilotiga raislik davridagi asosiy mezonlar bo’ladi. Nazarboyev G’arb va sharq o’rtasida mustahkam ko’prik o’rnatishda Qozog’iston o’rnini alohida ta’kidlab keladi.

Mamlakat tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, xavfsizlik va Afg’onistondagi vaziyatga xalqaro hamjamiyat e’tiborini qaratish ustuvor vazifalardan. Bu borada xalqaro konferensiya tashkil etilishi kutilmoqda. Ostonada YXHT sammitini o’tkazish ham rejada.

Nazarboyev hukumati raislikni dunyoda mamlakat nufuzi oshayotganining isboti sifatida e’tirof etmoqda. Qozoq muxolifati nazarida mamlakatda fuqaro jamiyatini cheklash va so’z erkinligiga tazyiqlar kuchaygan bir paytda Qozog’istonga raislik maqomi berilishi ko’proq energetik manfaatlar ustun kelayotgani bilan bog’liq.

Yevropa tashkilotiga raislik Qozog’istonni demokratik islohotlarga undaydigan turtki bo’ladi degan umidlar ham yo’q emas.

“Bu albatta Qozog’istonning xalqaro miqyosdagi nufuz-tajribasiga qo’shimcha fakt. Lekin katta o’zgarishlarni kutish qiyin. Ma’lumki, Qozog’iston ham mintaqani boshqa davlatlari kabi nodemokratik mamlakat sanaladi. Shuning uchun ham ko’pchilik tahlilchilar ajablanishdi, demokratiyani bayroq qilib ko’targan tashkilotga Qozog’iston raislikka kelganiga. Lekin shu faktning o’zi Qozog’iston uchun katta turtki bo’ladi deb o’ylayman, chunki bu davlat endi hamma tomonidan kuzatiladi. Faqat umid qilish mumkin, raislik muddati Qozog’iston uchun demokratiyani rivojlantirishda sinov bo’ladi”, - deydi siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov.

Sharhlovchi Abduvali Soyibnazarov fikricha, energetik zaxiralar hal qiliuvchi o’rinda.

“Bu bir tomondan yaxshi, lekin ikkinchi tomondan bu yerda asosan Qozog’istonning energetik zaxiralari muhim rol o’ynagan. Chunki G’arb hozir mintaqadan muqobil quvurlar o’tkazish harakatida. Maqsad Qozog’istonni bu loyihalarga qo’shib olish. Qozog’istonda muxolifatga imkoniyat bermaslik, mustaqil matbuotga nisbatan tazyiqlar haqida keyingi paytda ko’p gapirilmoqda”, - deydi Soyibnazarov.

Qozog’istonning Yevropa tuzilmasiga bosh bo’lishi ko’proq G’arb davlatlari, inson huquqlari tashkilotlari tomonidan bahs-munozara qilindi. Huquq himoyachilariga ko’ra, YXHT demokratik qadriyatlardan chekinib bormoqda. Ayniqsa sobiq Ittifoq davlatlarida inson huquqlari ahvoli og’irlashib borayotgani tashkilot e’tiboridan chetda qolmoqda.

“Bu Qozog’istonning o’zidagi vaziyat uchun ahamiyatga ega. Balki rivojlanish uchun turtki bo’lar. Fuqarolik jamiyati ularda oz bo’lsa-da bor. Lekin O’zbekiston, Tojikiston, Turkmaniston hatto Qirg’izistondagi vaziyatga ta’sir etmaydi. Qirg’izistondagi huquq himoyachilari O’zbekistondagi sharoit qaytib kelayotganidan shikoyat qilishmoqda”, - deydi Vijdon tutqinlarini ozod qilish qo’mitasi rahbari Bahodir Namozov.

Shu bilan bir qatorda YXHTga raislik mintaqadagi inson huquqlari, demokratik qadriyatlar bilan bog’liq vaziyatga ijobiy ta’sir qiladi degan umidlar ham mavjud.

“Chunki mintaqada o’zgarish bo’lmasa, mamlakat ichida o’zgarish bo’lmaydi. Qirg’izistonda inqilob boshlanganida O’zbekistonda ham umid uyg’ongan edi, lekin keyinchalik Qirg’izistonda avtoritar boshqaruv boshlangani bizni ham tushkunlikka solib qo’ydi. Hozir YXHTga Qozog’iston raislik qilishi bizda yana umid uyg’otdi. Atrofimizdagi davlatlar o’zgarsa bizda ham o’zgarish boshlanadi, buni olqishlash kerak. Yevropa Ittifoqi ham, YXHT ham yaxshi biladi Qozog’iston mavjud talablarga ko’ra raislikka javob berolmasligini. Lekin istisno tariqasida raislik berilishi bu region uchun ham katta gap”, - deydi “Ezgulik” inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Sharhlovchilarga ko’ra so’nggi yillarda Qozog’iston xalqaro maydonda bir qadar muvaffaqiyatli siyosat yuritmoqda. YXHTga raislik tashabbusi bir necha yil avval ko’tarilgan mavzu, oxir-oqibat samarali yakun topdi.

“YXHT mintaqaga qaratilgan dasturlarini kengaytirish, moliyaviy yordam loyihalarini ko’paytirishga harakat qilish kerak. Chunki bu tashkilotning mintaqaga ajratayotgan yordami boshqa davlatlarga qaraganda juda kam. Qozog’iston raisligi mobaynida shu imkoniyatlarni kengaytiradigan bo’lsa, shuni o’zi katta yutuq”, - degan fikrda siyosatshunos Farxod Tolipov.

Xavfsizlik, terrorizm, narkotrafikka qarshi kurashga e’tibor qaratilishi kerak, deydi Abduvali Soyibnazarov.

“Chunki tashkilotning nomidan ma’lum - xavfsizlik masalasi ustuvor bo’lishi kerak. Lekin keyingi paytda YXHT xavfsizlik masalasida, iqtisodiy hamkorlikda ham bir muncha orqada”.

Mintaqada suv taqsimoti bo'yicha kelishmovchiliklar xalqaro jamoatchilik e’tiboridagi masalalardan. Davlatlar bu borada turlicha pozitsiyada. Qozog’iston bu nizolarga biror yechim topishi qiyin ko’rinadi.

“Rasmiylari chiqishidan ham shu xulosaga kelish mumkinki, bu borada Qozog’iston betaraf qolishi mumkin. Agar gidro-inshootlar ishga tushadigan bo’lsa, Qozog’istonda ham suv taqchilligi yuzaga kelishi aniq. Bu mintaqa taqdirini hal qiladigan asosiy masala, lekin Nazarboyev ham, tashqi ishlar vaziri ham bu masalani tilga olgani yo’q”, - deydi siyosiy sharhlovchi Abduvalil Soyibnazarov.

“Bu muamo hali global ahamiyatga chiqmadi. Buni mintaqa davlatlarini o’zlari kelishib hal etishlari mumkin, YXHT emas”, - deydi Farxod Tolipov.

Mintaqada xalqaro jamoatchilik ko’magi lozim bo’lgan muammolar ko’p - ekologiya, mintaqadagi xavfsizlik va ishsizlik muammosi, sarmoyaga ehtiyoj, inson huquqlari va demokratik vaziyat og’irlashib borayotgani.

So’nggi paytda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotini isloh qilish haqidagi chaqiriqlar ko’p yangramoqda. Bunday chaqiriqlar rasmiy doiralar tomonidan ham, nodavlat tashkilotlar tomonidan ham mavjud va turli pozitsiyalarga asoslangan.

“Masalan Rossiya YXHTni asosan harbiy bir tuzilmaga aylantirish kerak degan fikrda. Lekin aslida YXHT dunyoni zo’ravonlik, nodemokratik usullar, avtoritarizm xavfidan qutqarish uchun tuzilgan. Zamon, davr o’zgarar ekan, uni ham isloh qilish kerak. Lekin tashkilotning bosh maqsadi - demokratik davlatlarni qo’llab-quvvatlash siyosati o’zgarmasligi kerak”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

O’zbekiston Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov Afinada o’tgan uchrashuvda YXHT islohoti va unga yangi a’zolar qo’shilganiga ishora qilib, teng siyosiy muloqotga asoslangan holda yangi nizom qabul qilish kerak deya gapirgan edi.

Faollarga ko’ra YXHT sobiq ittifoq davlatlari hisobiga kengayar ekan, tashkilotga a’zo davlatlarda inson huquqlari bilan bog’liq vaziyatni o’rganish aniq harakatlarga emas, mavhum muhokamalarga tayanib qolmoqda.

“YXHT doirasida har yili inson huquqlari muhokama qilinadigan yig’ilish o’tadi, lekin hozirgacha kichik bir darajada ham o’zgarish kuzatilgani yo’q”, - deydi Bahodir Namozov.

Qozog’iston Tashqi ishlar vazirligining YXHT rasiligini qabul qilish munosabati bilan bildirgan bayonotida parlament tizimini shakllantirish ham muhim masala sifatida e’tirof etilgan.

Biroq parlamentdan chetda qolgan qozoq muxolifati va huquq himoyachilari hukumatning demokartik tamoyillar bo’yicha aniq islohotlar o’tkazishiga ishonmaydi.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG