AQSh va Hindiston Afg'onistondagi muammoga yechim izlamoqda


Bugun Afg'oniston poytaxti Kobulda Tolibon jangarilari va bir necha suiqasd bombachilar bir necha vazirlik binolariga hujum qilgan. 5 kishi, jumladan bir go'dak o'lgan, 40 qa yaqin kishi yaralangan.

Voqea bugun tongda sodir bo'lgan. Bombalardan biri kinoteatr yonida portlagan. O'q ovozlari prezident saroyi yonida ham eshitilgan. Tolibon so'zlovchisining aytishicha, xurujlarga 20 nafar xudkush bombachi jalb qilingan. Xabarlarga ko'ra, 4 ga yaqini o'lgan.

AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha maxsus vakili Richard Xolbruk voqeadan tashvishda ekanini bildirib, toliblar hech narsadan qaytmasligini ta'kidlagan.

"Bular hayotdan umidsizlangan odamlardir", - deydi Xolbruk.

AQSh rasmiysi bu haqda Dehlidan turib so'zlagan. Xolbruk 28 yanvarda Londonda bo'ladigan Afg'oniston bo'yicha xalqaro anjumandan oldin Hindiston rasmiylari bilan qo'shma strategiyani muhokama qilmoqchi.

Hindiston afg'on masalasida ehtiyot siyosat olib bormoqda. Tahlilchilarga ko'ra, Pokiston Afg'oniston chegarasida jangarilarga qarshi kurashda faolroq harakat qilishdan oldin Qo'shma Shtatlardan Dehli-Islomobod o'rtasidagi Kashmir maqomidek azaliy jumboqni yechishda vositachi bo'lishni so'rashi mumkin.

So'nggi 14 oydan beri ikki davlat munosabatlari juda sovuq. Hindiston nazarida qo'shni davlat 2008 yil noyabrida 160 dan ziyod kishini halok qilgan Mumbaydagi xurujlarni qo'l uchida taftish qilgan. Dehli xurujlarda pokistonlik jangarilarni ayblaydi.

Hindiston AQShning Tolibonga qarshi harakatlarini qo'llab-quvvatlasa-da, buning uchun o'z harbiylarini jalb qilmagan. Pokiston raqib davlatning bu ishga umuman aralashishini istamaydi.

Shu hafta mintaqada AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts ham bo'ladi.

XS
SM
MD
LG