AQSh Gaitida havodan oziq-ovqat va suv tarqatmoqda


Zilziladan jabr ko'rgan Gaitida yo'l va transport tizimi vayron bo'lib, gumanitar yordamni aeroportdan muhtoj aholiga yetkazish qiyin kechar ekan, Qo'shma Shtatlar oziq-ovqat va suvni havodan tashlashga qaror qilgan. AQSh tartibsizliklar va namoyishlardan cho'chib, avvaliga bunday qilmoqchi emas edi, biroq harbiylar yordam yuklari yetkazish zonalari ustidan nazoratni o'rnatgach, bugun iste'mol uchun tayyor yegulik solingan 14 ming paket va 15 ming litr suv poytaxt Port-o-Prens shimolidagi hududga shu tariqa yetkazilgan.

Zilzila oqibatida bedarak ketgan odamlarning qidiruv va qutqaruv ishlarida qatnashish va xavfsizlikni ta'minlash uchun kecha mamlakatga AQShdan qo'shimcha 2200 amerikalik askar borgan. Xabarlarga ko'ra, Port-o-Prensda uysiz va och-nahor aholining bir qismi talon-tarojga o'tgan.

Gaitida hozircha 7 mingdan ziyod AQSh harbiylari bor. General-mayor Kornel Uilsonning aytishicha, ularning soni kelasi bir necha hafta ichida 10 mingdan oshadi.

"Askarlar kemalarda kelgan. Vertolyot, yuk mashinalari, generatorlar va suv tozalovchi moslamalarni ham olib kelganmiz", - deydi general.

Uning aytishicha, qo'shinlar xavfsizlikni ta'minlashda BMT va Gaiti hukumati kuchlari bilan hamkorlik qiladi.

"Biz har bir ishga tayyormiz. Gaitida qancha vaqt kerak bo'lsa, shuncha bo'lamiz", - deydi general Uilson.

Bugun, shuningdek Gaitiga "Comfort" kemasi ham yetib boradi. Unda 550 nafar mutaxassislardan iborat kasalxona bo'lib, minglab jarohatlanganlarga tibbiy yordam ko'rsatiladi.

AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Gaitida zo'ravonliklar ehtimolidan ogohlantirmoqda.

"Agar oziq-ovqat va suv odamlarga vaqtida yetkazib turilmasa, ba'zilari toqatsizlanib, jinoyatga qo'l urishi mumkin", - deydi Geyts.

Kuni kecha Gaitida BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun bo'lib, ahvol bilan tanishgan. Ayni damda mamlakatda 9 mingga yaqin BMT tinchlikparvar va politsiya kuchlari bor.

Bosh kotib Xavfsizlik Kengashidan ularning sonini 3500 ga oshirishni so'ramoqda. Kengash masala bo'yicha bugun ovoz beradi.

XS
SM
MD
LG