O'zbekistonliklar Obama siyosati haqida ijobiy fikrda


AQShda Barak Obama hokimiyatga kelganiga bir yil to’ldi. Uning prezidentlikka saylanganini umid va quvonch bilan kutib olgan o’zbekistonlik ziyolilar nazarida Obamaning islom dunyosi bilan aloqalarni yaxshilashga harakat qilgani Amerika siyosatida jiddiy burilish yasagan.

“Obama qilgan eng jiddiy ishlardan biri bu musulmon dunyosiga qilgan murojaatlari bo'ldi. Masalan Misrda qilgan chiqishlari muhim voqea... Musulmon dunyosi va G'arb dunyosi orasidagi aloqalarni yaxshilash bir-ikki yilda hal bo'ladigan masala emas, bu uzoq jarayon. Eng asosiysi buning uchun harakat qilinayapti. AQShning avvalgi rahbarlaridan birortasi bu ishni qilmagan edi", - deydi sharhlovchi Abug'ofir Ne'matov.



AQSh va O’zbekiston aloqalarida ham o’tgan bir yil oldinga siljish davri bo’ldi. Hukumatlar o’rtasida doimiy muloqot yo’lga qo’yilmoqda.

O’zbekiston Afg’onistondagi vaziyat bo’yicha AQShning yaqin hamkorlaridan biriga aylandi. Lekin Amerika - erkinlik diyoriga bog’langan umidlar puchga chiqqandek.

Jumladan, deydi ayrim faollar, fuqaro jamiyatini barpo etish va inson huquqlari ahvolini tuzatishda AQShdan kutilgan ko’mak bugun chetda qolib ketgandek.

AQSh diplomatlari o'tgan yil mobaynida Toshkentga bir necha bor tashrif buyurdi. Uzoq yillik tanaffusdan so'ng O'zbekiston hukumati delegatsiyasi ham Vashingtonda muzokaralar o'tkazib qaytdi.

“Avval safarlar to'xtab qolgan edi. Hozir AQSh siyosiy arboblari kelib ketishayapti. Nazarimda Obamaning kelishi bilan O'zbekiston- AQSh aloqalari jonlana boshaldi”, - deydi Abdug'ofir Ne'matov.

AQSh O'zbekiston iqtisodiga sarmoyalar bilan ko'mak ko'rsatish niyatida. O'zbekiston bilan ko'p tomonlama hamkorlikni yo'lga qo'yishga bel bog'lagan.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov fikricha AQSh -O'zbekiston aloqalarining rivojlanishi Afg'onistondagi vaziyatga bog'liq, chunki Obama bu davlatda tinchlikni tiklashni asosiy vazifa deb belgilagan. Afg'oniston shunbasiz Vashington diqqat markazida.

AQSh-O'zbekiston aloqalaridagi eng murakkab masala inson huquqlari va demokratiya desak xato bo'lmaydi. Karimov ma'muriyati tashqi dunyodan, xususan Amerikadan mamlakatning ichki ishlariga aralashmaslikni so'rab, respublika o'z tanlagan yo'lidan astalik bilan ketmoqda deya eslatib keladi.

“Munosabatlar iliqlashishi O'zbekiston hukumatini inson haqlariga, o'z xalqiga, muxolifatga nisbatan munosabatiga biror ta'sir ko'rsatayotgani yo'q. Vaziyat bu borada yanada yomonlashib bormoqda. Davlatlar, hukumatlar o'rtasidagi rishtalarda o'zgarish bor xolos”, - deydi muxolifatdagi “Erk” partiyasi bosh kotibi Otanazar Oripov.

O'zbekiston hukumati bilan gaplashayotgan AQSh diplomatlari deydiki, muloqotlarda inson huquqlari ahvolini yaxshilash va demokratik taraqqiyotga intilish masalasi muhokama qilinmoqda, lekin harakatlar samara berishi uchun vaqt kerak.



Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG