Janubiy Qirg'iziston SPID va unga yetaklovchi virus changalida


Qirg’iziston sog’liqni saqlash rasmiylari bergan hisobotga ko’ra, SPIDga yetaklovchi immunitet taqchilligi virusiga chalinganlar soni ayniqsa mamlakatning janubiy qismlarida kun sayin ko’payib bormoqda.

Janubiy Qirg’iziston, xususan ushbu hududning yirik qismi bo’lmish O’sh mazkur ko’rsatkich bo’yicha mamlakatda oldingi safda turadi. Chaqaloqlarga kasallik yuqtirish hollari ham ko’paygan. Xastalangan yosh bolalarning soni yuzdan oshgan.

Sabab nima?

O’shda SPIDga qarshi kurash markazi bosh shifokori Elmira Narmatovaning aytishicha, so’nggi yillarda VICH-infeksiyaga chalinganlar qayd qilinish hollari tez sur’atda ko’paygan.

“O’sh shahrida 610 nafar, butun viloyatda esa 502 kishi virusni yuqtirib ro’yxatga olingan. VICH-infeksiya o’sishining asosiy sabablari birinchidan arzon giyohvand moddalarning ko’payishi. Ushbu kasallik esa 70-80 foiz hollarda aynan igna orqali yuqmoqda. Ikkinchidan esa ichki va tashqi mehnat muhojirlarining ko’payishi”, deydi shifokor.

Taniqli vrach, giyohvandlikka qarshi kurash bo’yicha nohukumat tashkilot rahbari Muhammadsobir Burxonov ushbu fikrga qo’shiladi.

"Narkotik iste’mol qilganlar qandaydir ruhiy kasallikga uchraganidan o’z sog’ligiga ahamiyat bermaydi. Og’riyaptimi, bir yeridan qon oqayaptimi, nima bo’lganda ham ular o’z dozalarini olishadi. Shu sabab virus ko’proq giyohvandlar orasida yoyilgan. Oxirgi yllarda O’sh, Novqat shifoxonalarida yosh bolalarga ushbu kasallikni yuqtirish hollari qayd qilingan. Bu degani profilaktika ishlari ayrim kasalxonalarda yaxshi yo’lga qoyilmagan”, deydi mutaxassis.

Xalqaro tashkilotlar immunitet taqchilligi bilan kurashda Qirg’izistonga ulkam mablag ajratib keladi. Aytaylik, Global Jamg’arma joriy besh yillikda 25 million AQSh dollari o’tkazgan. Odamlar bu moliyaviy oqimning samarasi sezilmayotganidan norozi.

“Global Jamg’arma juda yaxshi ko’mak ko’rsatayapti, lekin bu pullar asosan kasallikka moyil guruhlar, masalan, giyohvand shaxslar, seks-industriya xodimlari orasida profilaktika ishlari yuritishni ko’zda tutadi. Jamg’arma qimmatbaho dori-darmon sotib olishda yordam bermoqda. Va nihoyat, jamg’arma VICH-infeksiya, giyohvandlik kabi kasalliklar bilan kurashuvchi nohukumat tashkilotlar faoliyatini moliyalashtirayapti. Birgina O’sh shahrida yigirmaga yaqin bunday tashkilot mavjud”, deydi bosh shifokor Elmira Narmatova.

“Qirg’izistonda Global Jamg’armaning boshqaruv ofisi bor. O’sha joy qancha mablag’ qayerda ishlatilishi kerak, kimga ajratilishi zarurligini belgilaydi”, deydi O’shdagi nohukumat tashkilot rahbari Muhammadsobir Burxonov.

Qirg’izistonda immunitet taqchilligi tarqalishini bir qadar jilovlash uchun nima qilish kerak?

“Ushbu xastalik uch yo’l bilan yuqadi: qon orqali, jinsiy munosabatlar orqali va onadan bolaga. Shu uch narsa profilaktikasini odamlarga yaxshi tushuntirsak yetarli bo’ladi. O’shanda kasallik ozayadi, balki to’xtaydi”, deydi Muhammadsobir Burxonov.

“Menimcha, sog’lom turmush tarzini keng targ’ib qilish darkor. Har bir inson o’zining sog’lig'i o’z qo’lida ekanini his qilishi kerak”, deydi Elmira Narmatova.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG