Markaziy Osiyoda harbiy tizimlar xalq emas, rahbarlar xizmatida


Mana bir necha yildirki, Markaziy Osiyo davlatlari o’z harbiy tizimlari islohotlar ostida ekanini qayd etib keladi.

Jarayonni o’rgangan tahlilchilar nazarida eng muhim o’zgarishlar Qozog’iston va O’zbekistonda yuz bermoqda.

Sovet Ittifoqi davridan bu davlatlarga asosan harbiy o’quv yurtlari va eski inshootlar meros bo’lib qolgan edi.

Qariyb 20 yillik harbiy islohotlar natijasi shuki, bugun Markaziy Osiyodagi besh davlat o’z qurolli kuchlari, arsenali va strategiyasiga ega.

Milliy bayramlarda xalqqa va dunyoga ko’z-ko’z qilinadigan bu boylik va zaxiralar yillar davomida sarflangan yuzlab million mablag’ning samarasi.

Global xavfsizlik bobida izlanuvchi tashkilotlar berayotgan ma’lumotlarga ko’ra O’zbekistonda harbiy qo’shin hozir xizmatda va zaxirada turganlarni hisobga olganda 55 mingga yaqin. Qozog’istonda qariyb 47 ming, Qirg’izistonda 25 ming, Tojikistonda 14-15 ming, Turkmanistonda esa 11-12 ming zobit bor.

Rasmiy manbalarda ko’rsatilishicha, harbiy sarf-xarajat Markaziy Osiyo davlatlari byudjetining 3,5-4 foiziga to’g’ri keladi.

Masalan Tojikistonda yalpi milliy daromad 5,3 milliard dollarni tashkil etsa, shundan 3,7 foizi, ya’ni qariyb 200 million dollar harbiy tizim uchun sarflanadi.

Yaqin o’tmishda Tojikiston armiya uchun Markaziy Osiyoda va dunyo bo’ylab eng ko’p mablag’ ajratayotgan 10 davlatdan biri sifatida e’tirof etilgan.

1992 yildagi ahvoliga taqqoslaganda mintaqa harbiy jihatdan o’zini ancha tiklab olgan, lekin bugungi mudofaa va xavfsizlik tizimlarini zamonaviy deya baholashga shoshmang deya uqtiradi bu borada kitob yozgan olima Erika Marat.

"Birinchidan", deydi u, "rahbarlar qanchalik iddao qilmasin, harbiy kuch fuqaro boshqaruvi ostida emas. Ikkinchidan, ular davlat xavfsizligi deganda xalq emas, hokimiyatda o’tirganlarning manfaatini tushunadi".

"O’zbekistonda masalan armiya uchun shu paytgacha qancha mablag’ ajratilgan bo’lmasin, bu asosan hokimiyatni asrab qolish uchun sarflanganiga guvohmiz. Qirg’izistonda ham shu ahvol. Hozir qurolli kuchlar prezident Kurmanbek Bakiyevning ukasi Janish Bakiyev qo’li ostida. Harbiy tizim juda katta vakolatlarga ega. Bu xavfli. Hokimiyatda fuqarolar emas, harbiylar qo’li baland bo’lgan hollarda jamiyat beqarorlikka yuz tutadi",- deydi mutaxassis.

Erika Marat harbiy doktrinalar ahamiyatini eslatadi. Bu hujjat davlat qurolli kuchlari faoliyatini izohlab beradi. Ularning vazifalari, burchlari, salohiyati va qudrati haqida axborot beradi.

Qozog’iston, Qirg’iziston va Tojikistonda harbiy doktrina bilan tanishish mumkin, ammo O’zbekiston va Turkmanistonda u - maxfiy hujjat.

"Harbiy doktrinani fuqarolardan yashirishga hech bir hukumatning haqqi yo’q", - deydi tadqiqotchi.

“Kitobimni yozishdan maqsad maxfiy informatsiyani fosh etish emas, xalq bilishi kerak bo’lgan ma’lumotni unga yetkazish edi. Afsuski, ana shu fundamental narsalarni yig’ish ham juda og’ir kechdi, chunki tuzumlar uni yashiradi”,- deydi olima.

Sovet Ittifoqi parchalanganida mintaqada harbiy sanoat komplekslari, tadqiqot va texnologiya markazlari hamda bilim yurtlari qolgan.

O’zbekistonda ko’p sonli qo’shin bo’lgan, deydi Erika Marat, ammo regionda armiya degan tushuncha deyarli yo’q edi. Fursatdan foydalangan Rossiya bu davlatlarda o’z harbiy qudratini saqlab qolishga urindi va buning uddasidan chiqdi ham, ayniqsa Tojikiston va Qirg’izistonda.

Mustaqillik yillarida harbiy taraqqiyotga katta e’tibor berildi, tizimlar rivojlandi.

Mudofaa masalalari bo’yicha tahlilchilar nazarida Qozog’iston armiyasi bugun mintaqada eng yaxshi ta’minlangan va o’ziga ishonchi baland kuch.

Lekin uni ham zamonaviy armiya deb ta’riflash qiyin, deydi respublika salohiyati bilan yaxshi tanish siyosatshunos Richard Uaytz (Richard Weitz).

“Qozog’iston armiyasini g’arbcha modellar asosida tashkil etishga, yuritishga urinib keladi, ammo Sovet davridan qolgan qoida va usullardan qutulish oson emas. NATO bilan yaqindan ishlab, zobitlarining malakasini oshirishga, harbiy tarbiya metodlarini yangilashga urinmoqda. Amerika va Turkiya bilan harbiy hamkorlik qilib keladi”,- deya izohlaydi u.

Qozog’iston qo’shin sonini emas, sifatini oshirishga qaror qilgan. Harbiylarni chet elga tayyorlov kurslariga jo’natish yo’lga qo’yilgan.

Til o’rgatish, zobitlar dunyoqarashini kengaytirish, ular ongiga nafaqat milliy tushunchalar balki global qadriyatlarni ham singdirish muhim vazifalar sifatida belgilangan. Qo’shni davlatlarda ham shunga o’xshash qarorlar quloqqa chalinadi.

Mutaxassislar tahlilicha, harbiy islohotlar sekin, ammo bir maromda davom etmoqda.

Yana 10-15 yildan keyin Markaziy Osiyo xavfsizlik va mudofaa organlari mustaqillikdan keyin esini tanigan, yangi zamon qadriyatlari va illatlarini o’zida mujassam etgan avlod qo’lida bo’lishi tabiiy.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG