Xitoy Internet va uyali aloqa ustidan nazoratni kuchaytirmoqda


Xitoy 2008 yilgi Olimpiya o'yinlari ketidan jamiyatda so'z erkinligiga kengroq yo'l ochadi, deya umid qilingan edi. Ammo rasmiy Pekin aksincha uyali aloqa va Internetni nazorat qiluvchi yangi choralarni ishga solmoqda.

O'tgan yil iyul oyida Urumchida uyg'urlar va xitoylar to'qnashganidan beri 20 millionga yaqin aholi yashovchi Shinjonning katta qismida Internet ishlamaydi. Hukumat hududning tashqi dunyo bilan aloqasini uzib qo'ygan. Internetga o'rgangan ba'zilar muammoga yechim sifatida va Internet-kafega kirish uchun yuzlab kilometr yo'l yurib, qo'shni viloyatga borishga majbur.

Shinjonning ba'zi joylarida aloqa tiklanganiga qaramay Internetda faqatgina hukumat ruxsat bergan saytlarga kirish mumkin.

Rasmiy Pekin xavfsizlikka tahdiddan xavotirda ekanini aytib, joriy yilda viloyatda xavfsizlik choralari uchun ikki karra ko'p pul sarflanishini ma'lum qilmoqda.

Boshqa viloyatlarda Internetni senzura qilish pornografiyaga qarshi kurash bilan bog'liq deya tushuntiriladi. Mamlakatdagi eng yirik Xitoy Mobil uyali aloqa kompaniyasi mijozlari bundan keyin hukumat qora ro'yxatiga tushgan so'zlar bitilgan sms-xabarlarni yubora olmaydi. 2008 yilda Xitoy Mobil orqali 600 milliarddan ziyod sms-xabar o'tgan.

Mahalliy huquqshunoslardan birining aytishicha, sms-xabarlarni elakdan o'tkazishga qaratilgan qonun puxta emas va qayta ko'rib chiqilishi kerak.

Pornografik saytlardan tashqari Internetda Amerika Ovozi va boshqa xorijiy axborot sahifalariga to'siq qo'yilgan. Hukumat shuningdek fuqarolarining elektron xatlarini nazorat qilib turadi. Jahondagi eng yirik qidiruv tizimi, AQShning Gugl kompaniyasi Xitoyda uning elektron maktublar tizimiga noqonuniy ravishda kirishga urinish bo'lganini aytib, kuchli senzura sharoitida ishlay olmasligini va Xitoy bozorini tark etishini bildirgan.

Hukumat xakerlar xurujiga aloqador emasligini ta'kidlab, Gugl bilan munozarani AQSh-Xitoy aloqalari doirasida ko'rmaslik kerak demoqda.

Bugun AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Vashingtonda ma'ruza qilib, Obama ma'muriyatining Internet erkinligiga doir siyosatiga oydinlik kiritadi.

XS
SM
MD
LG