Xillari Klinton: AQSh Internet erkinligi tarafdori


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klintonning aytishicha, Qo'shma Shtatlar qayerda bo'lmasin, Internetga to'siq qo'yilishiga qarshi. Har bir odam Internetdan foydalanish huquqiga ega bo'lishi kerak, biroq ba'zi hukumatlar bu aloqa va axborot vositasini cheklashga urinmoqda, deydi u.

Xillari Klinton Vashingtondagi Axborot muzeyida so'zlar ekan, bunday davlatlarga "xalqingizni Internetdan virtual devor bilan ajratmang" deya murojaat qildi.

"Ular Internet qidiruv tizimlaridan ba'zi so'zlar, ismlar va iboralarni chiqarib tashlab, odamlarning ma'lumot olishini qiyinlashtirmoqda. Hech qanday zo'ravonliksiz siyosiy fikrlarini ochiq bayon qilgan fuqarolar huquqlari buzilmoqda. Bularning barchasi Inson huquqlari bo'yicha umumjahon deklaratsiyaga ziddir. BMTning ushbu hujjatida har bir inson ommaviy axborot vositalari orqali ma'lumot izlash, olish va berish huquqiga ega, deyiladi. Biroq bu kabi cheklovlar, o'ziga yarasha "axborot pardasi", borgan-sari butun dunyoga tarqalmoqda", - deydi Klinton.

Internetdagi yirik qidiruv tizimi, Xitoyda ham biznes qilayotgan AQShning "Gugl" kompaniyasi yaqinda uning elektron maktublar tizimiga xitoylik xakerlar xuruj qilganini aytib, kuchli senzura sharoitida ortiq ishlay olmasligini va Xitoy bozorini tark etishini bildirgan.

Xitoy bu ayblovlarni inkor etib, mamlakatdagi barcha xorijiy kompaniyalar mahalliy qonunlarga bo'ysunishi shart deydi.

Xillari Klinton nazarida, Xitoy, Tunis, O'zbekiston, Misr, Shimoliy Koreya, Vyetnam va boshqa mamlakatlarda Internet va undan axborot olish jiddiy cheklangan.

Qo'shma Shtatlar rasmiy Pekinni "Gugl" da'vosini sinchkovlik bilan taftish qilishga chaqirmoqda.

Klinton nazarida Internet Xitoy erishgan yutuqlarga yirik hissa qo'shgan vosita va omillardan bo'lib, ko'plab xitoyliklar undan keng foydalanadi.

"Biroq Internetning cheklanishi mamlakat muvaffaqiyatlarini yo'qqa chiqarib, 21-asr taraqqiyotidan mahrum qiladi", - deydi rasmiy.

Uning aytishicha, diktatorlar o'tmishda ham yashirin tipografiyalar iziga tushib, o'zgacha fikrlovchi fuqarolar unini yopishga harakat qilgan. Bugun hukumatlarning bu faoliyati Internet kengliklarida davom etmoqda, deydi AQSh davlat kotibi.

Klinton Eron hukumatini ham bunday amaliyotlarda ayblaydi. O'tgan yil iyun oyidagi prezident saylovlariga nisbatan norozilik namoyishlarida bir ayolning otib o'ldirilgani uyali telefon orqali tasvirga tushirilib, tarqatilgani Eron hukumatining asl basharasini namoyish etdi, deydi Klinton.

"Xorijdagi eronliklarning hukumatga qarshi tanqidlari Internetda chop etilgach, ularning vatandagi yaqinlari tazyiqqa olindi. Biroq shunga qaramay eronlik mard jurnalistlar mamlakatdagi haqiqiy ahvolni butun dunyoga yangi texnologiyalar yordamida yoritishga harakat qilmoqda", - deydi Klinton.

AQSh davlat kotibining aytishicha, inson huquqlari himoyasiga chiqqan eronliklar shijoati dunyodagi faollarni ilhomlantirib, ularga kuch bag'ishladi, haqiqatni yoritishda va adolatsizlikni fosh qilishda texnologiya qudratini namoyish etdi.

"Obama ma'muriyati", deydi Klinton, "AQShga qarashli Internet kompaniyalarini xorijdagi faoliyati chog'ida senzuraga qarshi turishga da'vat etmoqda".

XS
SM
MD
LG