O'zbekistonda yana bir jurnalist – Xayrulla Hamidov qamoqqa olingan


Toshkentda taniqli jurnalist Xayrulla Hamidov hibsga olingan. Ma'lumotlarga ko'ra, 21 yanvar kuni uyi tintuv qilingan jurnalistni militsiya olib ketgan.

Hamidovning faoliyatiga doir materiallar va kompyuteri musodara qilingan.

Jurnalist Xayrulla Hamidov diniy mavzudagi chiqishlari bilan ham aholi orasida tanilgan edi.

Xayrulla Hamidov ishlayotgan "Chempion" gazetasi xodimlaridan birining aytishicha:

"Men ham bugun ertlab eshitdim. Na uyidagilari, na o'zi bilan bog'lana oldik. Xavotir olib o'tiribmiz, bu qanchalik aniq, bir narsa deya olmayman", - deydi tahririyat xodimlaridan biri.

Taqinli jurnalistning hibsga olinishi yuzasidan hozir faqat turli taxminlar aytilmoqda.

"Hozircha unga qanday ayblar qo’yilayotganini bilmayman. Ehtimol, militsiyaga biror ma'lumot tushgan, shuni aniqlash uchun ham olib ketgan bo'lishi mumkin", - deydi "Ezgulik" inson huquqlari jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

Xayrulla Hamidov jurnalist sifatida, diniy mavzudagi chiqishlari va sport sharhlovchisi sifatida jamoatchilik orasida ancha tanilgan edi. Hamidov "Navro’z" radiosidan ishdan ketgach, "Chempion" gazetasida ijodiy guruh rahbari bo’lib ishlayotgan edi.

Bir paytlar o'zbekistonliklar orasida ancha mashhur "Odamlar orasida" gazetasining tashkilotchilaridan, gazetada bosh muharrir lavozimida ishlagan. Tanqidiy-tahliliy maqolalari bilan odamlar e'tiboriga tushgan bu gazeta noma'lum sababalarga ko'ra hukumat tomonidan yopib qo'yilgan edi.

Xayrulla Hamidovning diniy mavzudagi chiqishlari alohida e’tiborga molik.

"Asosan sha’riy narsalarni targ'ib qilish bilan shug’ullanar edi. Faqat uni boshqa dindorlardan farqi - so'zga chechan, jurnalistik qobiliyatga ega edi. Uning chiqishlari mukammalroq bo'lgani uchun muxlislari ham ko'proq edi", - deydi Abdurahmon Tashanov.

XS
SM
MD
LG