Qo'shma Shtatlar Afg'onistonga mingga yaqin mutaxassis yuboradi


AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton Afg'oniston va Pokistonda tinchlikka erishish uchun noharbiy usullarini ham qo'llash kerak demoqda. Buning uchun mintaqaga turli soha mutaxassislari yuboriladi. Ular iqtisodiyotni ko'tarish, xususan Afg'onistonda qishloq xo'jaligi tizimini tiklash, ish o'rinlari yaratish, davlat boshqaruvini yaxshilash va shu tariqa jangarilarni normal hayotga qaytarish bilan shug'ullanadi.

Joriy oyda mintaqaga mingga yaqin mutaxassis safarbar etiladi, ammo, deyiladi Davlat departamenti hisobotida, vazifani uddalash uchun bundan-da ko'proq ekspertlarni jalb etish lozim.

Hisobot AQShning Afg'oniston va Pokistondagi maxsus elchisi Richard Xolbruk tomonidan tayyorlangan.

28 yanvar kuni Londonda Afg'oniston bo'yicha yirik xalqaro anjuman bo'ladi.

Xolbrukning aytishicha, jahon hamjamiyati Afg'onistonda bundan keyin qanday ish tutish kerakligini maslahatlashishi lozim.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Milibandning AQSh Senatida aytishicha, afg'on kuchlari mamlakat nazoratini asta-sekin qo'lga olishi zarur.

"Anjumanda 70 ga yaqin davlatdan tashqi ishlar vazirlari ishtirok etadi. Afg'oniston kelajagiga doir rejaga oydinlik kiritishga umid qilyapmiz", - deydi Miliband.

AQSh maxsus vakili Richard Xolbruk afg'on hukumati ikkita katta muammo bilan yuzlashmoqda, deydi. Birinchisi - toliblar, ikkinchisi - korrupsiya.

"Korrupsiya ertagayoq yo'qoladi deya va'da bera olmayman. Iqtisodiy vaziyat yaxshilansa, jangarilar birdaniga hukumat tomoniga o'tishiga ham kafolat bera olmayman. Biroq shuni ta'kidlab o'tish kerakki, so'nggi bir yil ichida poytaxt Kobulda vaziyat ancha yaxshilangan", - deydi Xolbruk Senat Tashqi aloqalar qo'mitasidagi tinglovda.

Joriy jafta Turkiyada Afg'onistonga doir kichikroq, mintaqaviy anjuman bo'lib o'tdi.

Turkiya sobiq tashqi ishlar vaziri Hikmat Chetinning aytishicha, Afg'onistondagi ahvolni yaxshilashda xususiy sektor muhim rol o'ynamoqda. Biroq taraqqiyot ishlarini xavfsiz muhitdagina unumli olib borish mumkin, deydi u.

"Jangarilarni yo'q qilish bilan muammo hal bo'lmaydi. Londondagi yig'inda tinch hayotga qaytmoqchi bo'lgan toliblar bilan murosaning eng yaxshi yo'liga chora topiladi, degan umiddaman", - deydi sobiq turk rasmiysi.

XS
SM
MD
LG