AQSh san'at ahli Gaitiga yordam qo'lini cho'zmoqda


Kuchli zilzila qurboniga aylangan Gaitida qidiruv va qutqaruv ishlari yakunlanib, barcha diqqat gumanitar yordamga qaratilmoqda. Fojiadan 10 kun o'tib 134 odam vayronalar ostidan qutqarilgan. Hukumat hisoblariga ko'ra, 112 mingga yaqin odamning jasadi topilgan, biroq qurbonlar soni aslida 200 ming atrofida. 400 milliondan ziyod kishi Port-o-Prensdan uning tevaragida o'rnatilgan palatkali lagerga joylashtirilmoqda.

Port-o-Prensda asosiy zilziladan so'ng yana bir necha bor yer silkinishi kuzatilgach, aholi avtobuslarda shaharni tark etmoqda. Ba'zilar boshqa shahar va qishloqdagi qarindoshlari yoniga yo'l olsa, qolganlari palatkali lagerga.

Minglab boshpanasiz odamlar tunni ko'chada o'tkazmoqda. Ba'zilar hukumat vayron bo'lgan uylarini ta'mirlashga pul ajratadi degan umidda. Boshqalar esa gumanitar yordam ularga yetib kelmaganidan shikoyat qilmoqda.

Aholini tashvishga solayotgan yana bir narsa shuki, zilzila oqibatida mahalliy qamoqxona ham qulab, mahbuslar ozodlikka chiqqan. Ba'zilari o'ta xavfli, deydi odamlar.

AQShda nafaqat oddiy xalq, balki yulduzlar ham Gaitiga xayriya qilmoqda. Kecha bir necha shaharda telemarafon o'tkazilib, konsert davomida zilzila jabrdiydalari uchun pul to'plangan.

Telemarafonni taniqli Gollivud aktyori Jorj Kluni uyushtirdi.

"Boshiga kulfat tushgan xalqqa sahiylik va muxabbat bilan yordam berish qo'shni davlat burchidir", - deydi Kluni.

Gollivudning yana bir yulduzi Leonardo Dikaprio zilziladan omon qolgan odamlar matonati va qutqaruvchilar shijoati haqida so'zladi. Dikaprio Gaitidagi gumanitar ishlar uchun o'z hisobidan bir million dollar xayriya qildi.

Rejissyor Stiven Spilberg, aktyorlar Mel Gibson va Juliya Roberts teletomoshabinlar qo'ng'iroqlariga javob berib, ulardan xayriya pullarni qabul qildi.

Konsertda shuningdek Madonna, Jey Zi, Rianna, Bryus Springstin va boshqa san'atkorlar ham ishtirok etdi.

XS
SM
MD
LG