Eron prezidenti boyitilgan uranni fevralda ko'z-ko'z qilmoqchi


Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejodning aytishicha, agar G'arb Tehron taklifini qabul qilmasa, Eron o'z kuchi bilan yuqori boyitilgan uran ishlab chiqarishga majbur bo'ladi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti o'tgan yil noyabr oyida Eronga uranni chetda boyitishni taklif qilgan edi, ammo Tehron uni rad etib, qarshi taklif bilan chiqqan edi.

Mahmud Ahmadinejod parlamentda byudjet masalasi bo'yicha nutq so'zlagandan so'ng mahalliy jurnalistlar bilan muloqot qilar ekan, kelasi oy 20 foiz boyitilgan yadro yonilg'isi tayyor bo'lishi haqida ma'lum qilgan.

Eron rahbarining aytishicha, fevral oyi boshida, Islomiy inqilobning 31 yilligida Eron xalqiga faxr bag'ishlovchi bunday ilmiy yutuq haqida rasman e'lon qilinadi.

Londondagi eronlik tahlilchi Mehrdad Xonsariy nazarida prezident bu bilan xalq diqqatini mamlakatdagi iqtisodiy va siyosiy muammolardan chalg'itmoqchi.

"Ahmadinejod xalq atom dasturi borasida yakdil ekanini namoyish etmoqchi, ammo mening fikrimcha, eronliklar buning oqibatlarini yaxshi anglamayapati. Qo'shimcha sanksiyalardan tashqari yadro dasturi usiz ham tang ahvoldagi iqtisodiyotga yanada qimmatga tushadi", - deydi mutaxassis.

2009 yil oxirida g'arb davlatlari Eronga uranining 80 foizini Fransiya va Rossiyada boyitishni taklif qilgan edi. Tehron qarshi taklif bilan chiqib, kam boyitilgan uranni chetda yanada boyitish o'rniga xorij yonilg'isini Eron hududida o'zinikiga ayirboshlash istagini bildirgan edi. G'arbga o'ylash uchun yanvar oyi oxirigacha muhlat berilgan.

Eron yadro dasturi tinch maqsadlar uchun ekanini ta'kidlashda davom etsa, G'arb nazarida Tehron yadro quroli ustida ishlayapti.

Ayni damda unga qarshi yangi jazo choralari muhokamada.

Bu o'rtada inson huquqlari bilan shug'ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti Eronda minglab namoyishchilar va dissidentlarning hibsga olinishini "inson huquqlari krizisi" deb atamoqda. O'tgan yilgi prezident saylovlari ketidan avj olgan namoyishlarda shu kungacha Eron rasmiylari ta'kidlaganidek 40 emas, undanda ko'p odam o'lgan, deyiladi guruh hisobotida.

XS
SM
MD
LG