Prezident Obama Kongress va xalqqa hisobot berish taraddudida


Chorshanba kuni Barak Obama prezidentligining birinchi yilidagi faoliyati va 2010 yilda qilinadigan ishlar haqida Kongress va xalq oldida hisobot beradi. AQSh prezidentining an'anaviy yillik ma'ruzasi demokratlar uchun qiyin davrga to'g'ri kelmoqda.

Amerika iqtisodiyoti og'ir kunlarni boshdan kechirar ekan, Barak Obamaning uni tiklashga qaratilgan choralari xalq noroziligiga uchramoqda. Ammo, deydi prezidentning bosh maslahatchilaridan biri Deyvid Akselrod, Obama shunday qilishga majbur bo'lgan.

"Bir yil avval men prezidentga reytingiz tushadi, deb aytgan edim. Chunki bunday iqtisodiy sharoitda kimningdir ko'nglini qoldirmay boshqarish mumkin emas", - deydi Oq uy rasmiysi.

Akselrod nazarida prezident Obama to'g'ri qarorlar qabul qilgan.

"Ularning yaxshi-yomonligiga faqat tarixgina xolis baho berishi mumkin. Ma'lum vaqt o'tgandan so'ng "prezident vazifalarini uddalay oldi" deyishimizga shubham yo'q", - deydi Akselrod.

Respublikachilarning Kongressdagi ba'zi o'rinlarga o'tgan saylovlardagi so'nggi g'alabalari va xususan yarim asrdan ko'p vaqt demokratlar qo'lida bo'lgan Massachusetts shtatidagi yutug'i, ular nazarida xalq prezident siyosatidan batamom norozi ekanini namoyish etmoqda. Ayniqsa uning sog'liqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan harakatlari.

"Massachusetts shtati saylovchilari aynan mana shunga qarshi ovoz berdi", - deydi respublikachi senator Mitch Makkonel.

Prezidentning yana bir maslahatchisi Valeri Jarret Obama bo'sh kelmoqchi emas, deydi.

"Birgina Massachusettsdagi mag'lubiyatni deb, prezident o'z siyosatidan voz kechmaydi", - deydi u.

Har ikki yirik partiya noyabrda bo'ladigan Kongress saylovlariga tayyorgarlik ko'rar ekan, demokratlar Obamaga prezident saylovlarida g'alaba qozonishda yordam bergan siyosiy strateg Deyvid Plaff xizmatidan yana foydalanmoqchi.

XS
SM
MD
LG