Breaking News

Prezident Obama o'rta sinfni kuchaytirmoqchi


Prezident Obama 2009 yil xulosalari va 2010 yil rejalari haqida 27 yanvar kuni Kongressda hisobotga tayyorgarlik ko'rar ekan, unda iqtisodiy ahvolga va xususan o'rta sinfni rivojlantirishga katta urg'u berilishi kutilmoqda.

Barak Obama prezidentligining birinchi yili tashvishlarga mo'l bo'ldi. Global moliyaviy inqiroz undan iqtisodiyotga jiddiy e'tibor qaratishni, jumladan yirik moliyaviy kompaniyalarni kasoddan saqlab, iqtisodni tiklashni talab qildi.

Endigi vazifasi - o'rta sinf ishchilarini qo'llab-quvvatlab, ishsizlikni kamaytirish.

"Bu tabaqa uchun og'ir davrdan o'tyapmiz. So'nggi 10 yil ichida ularning o'rtacha maoshi tushib, bungacha yaratilgan ish o'rinlarining deyarli barchasi yo'qotildi", - deydi Obama.

Prezident bu haqda Oq uyda tashkil etilgan maxsus maslahatchilar komissiyasi bilan gaplashgan. Guruhga o'rta sinf muammolarini o'rganib, yechim taklif qilish vazifasi yuklangan.

Oq uy ma'muriyati to'liq ishlab farzandlariga enaga yollayotgan oilalar xarajatlarini kamaytirib, nafaqaga chiqishlari uchun yetarlicha mablag' to'plashiga yordam bermoqchi. O'rta sinf oilalaridan chiqqan talabalar o'qishi bilan bog'liq xarajatlarning bir qismini qoplab, yoshi ulug' oila a'zolarini qaramog'iga olgan oilalar ishini oson qilish yo'llari ham Oq uy komissiyasi muhokamasida.

Prezident Obama Kongressda bo'ladigan ertangi chiqishida mana shular haqida so'zlashi aytilmoqda.

"Ko'rilayotgan choralarning ba'zilari so'nggi yillarda qo'ldan chiqqan ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni qaytarishga yordam beradi degan umiddamiz", - deydi Obama.

AQSh rahbari 2011 yil byudjetida ba'zi davlat dasturlarini uch yilga muzlatib, kelasi 10 yil ichida 250 milliard dollar tejamoqchi. 2009 yil byudjetida 1,4 trillion dollar kamomad qayd etilgan. Biroq Kongressdagi muxolif respublikachilar Oq uyning bu taklifini rad etib, prezident ish o'rinlarini yaratish uchun yetarlicha harakat qilmayapti, deb uni tanqidga olgan.

XS
SM
MD
LG