Elchilardan nima kutish kerak? Vashingtondan tahlil


Abdulaziz Komilov hozirda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari

Abdulaziz Komilov hozirda O'zbekiston Tashqi ishlar vazirining birinchi o'rinbosari

Vashingtonda yaqin kunlarda O’zbekistonning yangi elchisi kutilmoqda. Favqulodda va muxtor vakil kim bo’lishi haqida norasmiy ma’lumotlar ko’p, ammo prezident Islom Karimovning bu haqdagi farmoni hali chiqmagan. O’zbekiston qonunlariga ko’ra, elchilikka nomzodlar Senat tasdig’idan o’tishi kerak.

Amerikada qariyb olti yil elchilik qilib hozirda Toshkentga qaytgan Abdulaziz Komilov Vashingtonda nimaga erishdi? AQSh hukumati a’zolari va siyosiy doiralar uning elchiligini qanday baholamoqda? Vashingtonda O’zbekiston va umuman Markaziy Osiyo davlatlari elchixonalari qanday nufuzga ega?

Bu muayyan davlatning Amerika bilan ayni damda qanday aloqada ekani va elchining diplomatlik zehniga bog’liq. Mintaqadagi besh respublikaning Vashington yuragida serhashamat elchixonalari bor. Madaniy tadbirlar, ziyofat-u kechalar tinmaydi.

Elchixonalar hukmron tuzumning idorasi ekan, elchining roli ham shunga yarasha. U shaxs sifatida kim bo’lishidan qat’iy nazar hukumat iznida ekani tan olinadi.

Davlat departamenti, ya’ni AQSh tashqi ishlar vazirligida Markaziy Osiyo bilan munosabatlarga mas’ul diplomat Robert Bleyk (Robert Blake) “Amerika Ovozi”ga bergan intervyularida Abdulaziz Komilovni maqtab keladi.

“Amerika-O’zbekiston orasida muloqotni qayta yo’lga qo’yishda, Afg’oniston bo’yicha hamkorlikni kuchaytirishda Abdulaziz Komilov katta hissa qo’shdi”,- deydi Robert Bleyk.

AQSh mudofaa va tijorat vazirliklarida ham Komilov iliq tilga olinadi. AQSh-O’zbekiston Tijorat Palatasi a’zolari ham u qilgan ishlardan mamnun. Komilov endi tashqi ishlar vazirining birinchi o’rinbosari. U bilan aloqa davom etadi, deydi ular.

2009 yilning oxirida Toshkentga safar qilib, yuqori lavozimli rasmiylar bilan gaplashgan, Oqsaroyda prezident Islom Karimov huzurida bo’lib, uning fikrlarini tinglagan amerikalik tahlilchi Jon Deyli (John Daly) nazarida Komilov regiondan kelgan elchilar orasida eng uddaburosi sifatida esda qoladi.

“Vashington Moskva, Pekin va Bryussel qatorida O’zbekiston uchun eng muhim diplomatik nuqtalardan biri. Abdulaziz Komilov AQShga elchi bo’lib kelganida aloqalar juda og’ir bir ahvolda edi. Komilov rishtalarni tikladi, yaxshiladi. Ikki hukumat hozir bir-biri bilan doimiy muloqotda”,- deydi u.

Iste’fodagi diplomat, AQShning O’zbekistondagi birinchi elchisi Genri Klark (Henry Clarke) nazarida Islom Karimov shu kungacha eng pishiq xizmatchilarini AQShga yuborib kelgan. Elchining asosiy vazifasi, deydi Genri Klark, o’z hukumati pozitsiyasini mezbon davlatga tushuntira bilish. Elchi usta kommunikator, aloqachi, ko’prik bo’lishi kerak.

“Tushuning”,- deydi u, “elchining ishi propaganda yoki xalq dardini ko’tarib chiqish yoki ijtimoiy-madaniy sohalarda faollik ko’rsatish emas balki o’z jamiyati haqida chuqur ilmga ega bo’lib, siyosatni kuchli asoslarga tayanib tushuntirish va shu tariqa mezbon davlat ishonchini qozonish.

Elchining nufuzini unga nisbatan ishonch belgilaydi, deydi faxriy diplomat. Vashingtonda hamma e’tibor uchun kurashadi. Dunyoning jamiki qismidan elchilar va vakillar bor. Ular har bir so’zini o’ylab gapirishga majbur. Asossiz gapirgan, o’zini eplab tushuntira olmagan, mujmal bayonotlar bergan yoki sukut saqlab chetda turganlar diqqat markazidan yiroqda. Kuchli diplomat murosa yo’llarini izlaydi, kelishuv uchun zamin hozirlaydi.

O’zbekistonda omma Komilov Vashingtondan nimani eplab qaytdi deb o’ylanayotgan bo’lsa, munosabatlar kecha qanday edi-yu bugun qanday ekaniga qarasin.

Yaxshilangan aloqalar kimning manfaati uchun xizmat qilayotgani esa boshqa masala, deydi "Amerika Ovozi" bilan gaplashgan siyosatdonlar, elchi uni tayinlagan rahbarga xizmat qiladi.

Markaziy Osiyoda oshkoralik hamon orzu ekan, bu davlatlarning elchixonalari ham tayansa bo’ladigan axborot manbalari yoki ma’lumotni o’z vaqtida tasdiqlaydigan idoralar emas. Genri Klark fikricha bu afsuslanarli hol.

“Elchixona odamlar ma’lumot so’raganida uni iloji boricha ta’minlashga harakat qilishi kerak. Kimdir turizm, savdo yoki sarmoya bilan qiziqadi, kimdir ta’lim yoki madaniyat. Informatsiya bermasdan sukut saqlash - Sovet davridan qolgan illat. Savol berilsa, murojaat qilinsa, siyosat qanday bo’lishidan qat’iy nazar uni tushuntirish, izohlash kerak. Bilaman, hamma narsa rahbariyatga bog’liq”,- deydi Genri Klark, o’z tajribasiga asoslangan holda. Ana shu rahbariyat jamoatchilik bilan, axborot vositalari bilan ishlash ahamiyatini anglab yetishi kerak.

Elchi serg’ayrat bir inson bo’lishi shart; odamlar bilan bog’lanishni, boshqalar uning oldiga kelishini kutmay, o’zi ularga yetishga harakat qilishi kerak.

Mezbon davlatda siz uchun muhim amaldorlar kim? Mamlakatingizga nisbatan siyosatni kim belgilayapti? Kim bu davlatda omma fikrini shakllantiradi? Rasmiylar, qonunchilar, faollar, axborot vositalari. Ular bilan ishlash kerak. Vashingtonda biror narsani eplashning kaliti shu, deydi Genri Klark. Bugungi zamonda, deya qo’shadi keksa diplomat, jim turgan tomon yutqazadi. Gapirmasangiz, odamlar tegishli xulosa chiqaraveradi.

Jon Deyli, O’zbekiston rahbariyati bilan yaqindan fikr almashib kelayotgan mutaxassis, elchixona borki ehtiyotkorona ish ko’radi deydi.

“Amerikaning Markaziy Osiyodagi biror elchisiga qong’iroq qilib ko’ring-chi, darrov javob olmaysiz. U ham o’z hukumati bilan bog’lanib nima qilay deb so’rashi tayin. Siyosiy idoralar o’zi shunday ishlaydi”,- deydi u.

“Mintaqaning, xususan O’zbekistonning Vashingtondagi diplomatlari astalik bilan o’rganishayapti”,- deydi u.

O’zbekistonda bir paytlar Tashqi ishlar vazirligida ishlab keyinroq boshqa sohalarga o’tib ketgan mutaxassislar bilan gaplashsangiz, ko’pi respublikada diplomatik kadrlar zaif, ularni yetishtiradigan tizim mustahkam emas, vazirlikda yurganlar yoki bugun xorijda turli postlarda o’tirganlar ko’p hollarda tajribasiz, tanish-bilish orqali yoki pul berib hukumatning bu organidan joy topgan odamlar degan fikrlarni eshitasiz. Iqtidorli yoshlarning aksariyati maoshi baland tashkilotlardan imkoniyat izlaydi.

O’zbekistonning Vashingtondagi elchixonasini yuqori baholaydigan Jon Deyli yangi elchi kim bo’lsa ham Komilov boshlab ketgan ishlarni davom ettirishi, real vaziyatdan kelib chiqqan holda faoliyat yuritishi kerak deb hisoblaydi.

AQShda hukumat organlari bir-biridan mustaqil. Davlat departamenti, Mudofaa vazirligi (Pentagon) yoki Kongress va uning a’zolari, hamma o’z vazifasi va prioritetidan kelib chiqqan holda ish yuritadi. Elchi bu murakkab dinamikani yaxshi tushunib, bu davlat tashqi siyosatini izchil o’rganib, o’z davlati va mezbon davlat manfaatlarini esda tutgan holda o’z vakolatlarini bajarishi kerak.

Afg’onistonda tinchlikni tiklash Amerika uchun ustuvor masala ekan, Obama ma'muriyati bu notinch o’lkaga qo’shni O’zbekiston bilan hamkorlikni oshirishga qaror qilgan. Vashingtonda Toshkentdan keladigan yangi elchi ana shu maqsad yo’lida xizmat qiladi degan umid bor.



Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG