Prezident Obama AQSh Kongressi va xalqi oldida hisobot berdi


Prezident Obama Kongressda har ikki palata qonunchilari va televideniye orqali Amerika xalqiga yillik ma'ruza bilan murojaat etib, prezidentligining birinchi yilida amalga oshirilgan ishlarni sarhisob qildi, ma'muriyati oldida turgan muhim vazifalar bo'yicha hisobot berdi. Asosiy urg'u iqtisodiyotga qaratildi.

"Tarix mamlakatimizni yana bir bor sinovdan o'tkazyapti. Iqtisodiyotdagi hozirgi muammolar - tarix sinovi. Birligimiz, e'tiqodimiz, mamlakatimiz kuchi sinalmoqda", - dedi Obama.

AQSh prezidenti davlat boshqaruvini mamlakat uchun og'ir davrda qabul qilganini, jumladan, global iqtisodiy tanazzul va ikkita urush unga meros bo'lganini eslatdi.

"Vaziyat bizdan keskin chora ko'rishni talab qildi va biz chora ko'rdik. Ba'zilar bizga qora kunlarni bashorat qilgan edi, ammo uning oldini olishga muvaffaq bo'ldik. Shunga qaramay bugun har 10 amerikalikning biri ishsiz. Ko'chmas mulk qiymati tushib, ko'p bizneslar zarar ko'rdi", - dedi prezident. "Bu hol ba'zi amerikaliklarni g'azablantirgani tabiiy. Ammo muammolarga yechim topishda qat'iymiz. Bergan va'dalarimiz ustidan chiqamiz".

Barak Obama moliyaviy muassasalarga inqirozdan chiqishga yordam berib, 18 milliondan ziyod ishsiz amerikalikka nafaqa berdik, ba'zi soliqlarni qisqartirdik, deydi. Bir necha oy ichida ahvolini o'nglab olgan yirik bank va kompaniyalarning ba'zilari davlatdan olgan qarzini to'lashga muvaffaq bo'ldi.

"Shu puldan 30 milliard dollarni kichikroq banklarga berib, o'rta va mayda bizneslarning kredit olishini osonlashtirib, joylarda yangi ish o'rinlarini yaratishni ko'zlayapmiz. Yangi kompaniyalarga soliq imtiyozlari ham beriladi".

Prezident Obama ayrim iqtisodiy rejalarning ishlamayotganida o'zaro tortishuv va munozaralarga berilgan qonunchi va siyosatchilarni aybladi.

"Biz bu yerda tortishib o'tirgan bir paytda Xitoy, Germaniya va Hindiston kabi mamlakatlar qo'l qovushtirib o'tirgani yo'q. Infratuzilmasini yangilab, toza energiyaga jiddiy e'tibor qaratmoqda, ilm-fanni rivojlantirmoqda".

Obama moliyaviy tizimni isloh qilish kerak, toki iqtisodiyotni qaqshatgan krizis qaytib kelmasin, deydi. Innovatsion loyihalarni moliyalab, yangi ish o'rinlari yaratishni, eksport hajmini oshirib, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo'llab-quvvatlashni taklif qildi.

"Kelasi 5 yil ichida eksportni ikki baravarga ko'paytirib, ikki millionga yaqin ish o'rinlarini saqlab qolamiz. Ta'limga sarmoya qilib, fuqarolarga yangi kasb-hunar o'rgatish va malaka oshirish dasturlariga pul ajratamiz. To'rt yillik kollejga farzandini yuborgan oilalarga 10 ming dollar soliq imtiyozi beriladi. Oliy o'quv yurtlariga kirish uchun bankdan pul olgan talabalarning qarzi 20 yildan so'ng kechiladi. Davlat idoralariga ishga kirgan talabalar qarzi esa 10 yildan so'ng".

Prezident Obama o'z nutqida jamiyatda ko'plab munozaralarga sabab bo'layotgan sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish harakatlariga ham to'xtaldi.

"Millionlab amerikaliklar tibbiy sug'urtadan mahrum ekan, yangi qonun ularga ham sug'urta xizmatlaridan bahramand bo'lishga imkon beradi. Sug'urtasi borlarning esa xarajatlari tushib, kelasi 20 yil ichida byudjet kamomadini bir trillion dollarga yopishga muvaffaq bo'lamiz. Mavzuni qancha ko'p muhokama qilsak, odamlar dasturdan shuncha ko'p shubhalana boshlaydi", - deydi prezident.

Barak Obama Amerika tarixida eng yuqori nuqtaga chiqqan byudjet kamomadini tahlil qilar ekan, bunga qisman siyosiy o'yinlar sabab deydi.

"10 yil ilgari byudjet 200 milliard dollardan ziyod profitsitga ega edi. O'tgan yili prezidentlikka kelganimda, kamomad bir yilda bir trillion dollarga yaqinlashib, kelasi 10 yil ichida 8 trillion dollarga ko'payishi bashorat qilingan edi. Moliyaviy inqiroz kamomadga yana 3 trillion, ma'muriyatimning inqirozdan chiqish dasturlariga sarf-xarajatlari esa bir trillion dollar qo'shdi".

Prezident Obama 2011 moliyaviy yil byudjetini qabul qilishdan oldin, har bir davlat dasturini sinchkovlik bilan o'rganib, samarasizlarining bahridan o'tamiz, deydi.

"Biz nafaqat byudjet kamomadini, balki hukumatga bo'lgan ishonch kamomadini boshdan kechiryapmiz. Vaziyatni yaxshilash uchun bizni shu ahvolga solgan eskicha ish usullaridan voz kechishimiz kerak", - deydi Obama.

AQSh prezidenti xavfsizlik masalalariga ham o'z qarashlarini bildirdi.

"Iroq taqdirini iroqliklar qo'liga topshirishga qaror qilgan ekanmiz, AQShning bu mamlakatdagi barcha jangovar kuchlari shu yil avgust oyigacha vatanga qaytadi".

Obamaning aytishicha, aprel oyida Yadro xavfsizligi bo'yicha xalqaro sammit o'tkazilib, kelasi to'rt yil ichida dunyo bo'ylab barcha yadro materiallari xavfsizligini ta'minlash masalasi muhokama qilinadi.

"Yadro quroliga egalik qilishga intilayotgan Shimoliy Koreya va Eronni bu shashtidan qaytarish uchun diplomatik harakatlarni kuchaytiryapmiz", - deydi Obama.

AQSh rahbariga ko'ra, musulmon davlatlar bilan fan, ta'lim va innovatsiya bobida hamkorlik qilinmoqda, Qo'shma Shtatlar iqlim o'zgarishiga qarshi tashabbuslarga bosh bo'ldi, VICH/SPID ga qarshi kurash avj olgan.

"Saylov kampaniyasi davrida o'zgarishlarni va'da qildim. Bu oson bo'ladi, deb aytmaganman. Ammo va'damdan qaytmayman," - dedi prezident Obama ma'ruzasi so'nggida.

XS
SM
MD
LG