Breaking News

Muxolifat prezident Obama ma'ruzasiga munosabat bildirmoqda


Barak Obamaning Kongressdagi yillik hisoboti muxolifatdagi respublikachilar tanqidiga uchramoqda.

Odatda prezidentning yillik hisobotidan so'ng muxolif partiya vakili rasmiy munosabat bildiradi. Bu vazifa Virjiniya shtatida gubernatorlikka yaqinda saylangan respublikachi Bob Makdonnelga yuklandi. Uning aytishicha, demokratlar xarajatlari ichki qarzning ko'payishiga olib kelmoqda.

"Hukumat soliqlarni ko'paytirib, nazoratni kuchaytirib, ishsizlar sonini oshirmoqda, o'rta sinfni zaiflashtirmoqda", - deydi Makdonnel.

Respublikachi senator Bob Korkerning aytishicha esa, Obamaning ma'ruzasi iliq bo'lgani bilan, respublikachilar bilan hamkorlik qilish tilga olinmadi.

Yana bir muxolif senator Jon Kaylning aytishicha, prezident nutqi saylov kampaniyasiga o'xshab qoldi.

"Ismini tilga olmagan bo'lsa ham, sobiq prezident Jorj Bushni barcha balolarda aybladi. Axir bir yil o'tdi. Muammolarning ba'zilari uchun javobgarlikni o'z zimmasiga olish vaqti keldi. Saylov kampaniyasida ularni hal qilishga va'dalar berib, ishni qotirish o'rniga hali ham shikoyat qilishmoqda", - deydi senator.

Demokratlar nazarida esa Barak Obama ma'ruzasida diqqatni o'z partiyasiga emas, mayda biznes, o'rta sinf, ishsizlikka qaratdi.

Senator Meri Lendryoning aytishicha, nutq juda ham jonli chiqdi.

AQSh rahbari o'tgan bir yil ichida mamlakat qanday jarayonlarga yuz tutganini aytib, muammo va yutuqlarni tilga oldi, ma'muriyati faoliyatini sarhisob qildi. Mamlakat boshqaruvini Amerika uchun eng og'ir damda qo'lga oldim, deydi Obama.

"Muammolar oldida bo'yin egmaymiz, osonlikcha taslim bo'lmaymiz. Orzularimizni amalga oshirib, qudratimizni yanada kuchaytirishga shijoat qilamiz", - deydi prezident.

Barak Obama bir soatlik ma'ruzasida asosan iqtisodiy muammolarga to'xtalib, uni hal etishga doir bir necha tashabbuslarini ma'lum qildi. Iqtisodni tiklashga qaratilgan ba'zi qarorlar jamoatchilik tomonidan ijobiy qabul qilinmagan bo'lsa-da, men ularni xalqqa yoqish uchun emas, muhim deb bilganim uchun qabul qildim, deydi Obama.

Qonunchilarga murojaat etar ekan, prezident hozir ayni islohotlar payti, vaziyat shuni talab qilmoqda, qo'l qovushtirib o'tirmang, dedi.

XS
SM
MD
LG