Afro-amerikaliklarning bugun o'ziga ishonchi baland


Amerikada o’tkazilgan ommaviy so’rovlar natijasiga ko’ra, Barak Obama prezidentlikka kelganidan bir yil o’tib, bugun bu jamiyatda qora tanlilarning o’ziga va ertangi kunga ishonchi baland.

Afro-amerikalik rahbar qo’li ostida irqchilik va diskriminatsiya kabi illatlarga chek qo’yildi deyish qiyin. Bular hamon nozik masala. Biroq dovondan oshib o’tilgani haqiqat.

Nikol Kaningxem Amerikaning janubiy Jorjiya shtatida o’sib ulg’aygan. U paytlar hamon yodida. Mamlakatda irqiy kamsitish va segregatsiya siyosati hukmron, afro-amerikaliklar ovoz berish huquqidan mahrum, 1960-yillar. Bir kun kelib qora tanli mamlakatni boshqarishi hech kimning xayoliga ham kelmagan.

“Beshinchi sinfda o’qib yurganimda, maktabimizga Ku-Kluks-Klan kabi irqchi guruhlar bostirib kirib, qora bolalarni ajratishni talab qilardi. Inauguratsiya marosimida o’sha damlar xayolimdan o’tdi”, - deydi Nikol Kaningxem.

U va turmush o’rtog’i Vurtis qurolli kuchlar safida xizmat qiladi. O’tgan yilgi qasamyod marosimiga ikkala farzandini olib borgan.

“Barak Obama ilk qora prezident. Quvonmasdan bo’larkanmi? Bilaman, ayrimlar unga qarshi chiqdi, lekin u qattiq kurashib, to’siqlarni yengdi”, - deydi 11 yoshli Tariq Kaningxem.

Omma fikrini o’rganuvchi Pyu tadqiqot markazi o’tkazgan izlanish natijalariga ko’ra, qora tanli aholi bugun ular oldidagi imkoniyatlar kengayib, ahvol birmuncha yaxshilanganini aytadi. Bunday optimistik ruhdagi ko’rsatkichlar so’nggi bor 1984 yilda qayd etilgan.

Respondentlarning aytishicha, Barak Obamaning saylanishi bilan Amerika jamiyatida irqchilik, diskriminatsiya va bag’rikenglik kabi o’tkir mavzular muhokama qilina boshlagani ijobiy hol.

“Bu kunlar osonlikcha kelgani yo’q”, - deydi huquq faoli Julian Bond. “1960-yillardagi qonli namoyishlar, tenglik va ovoz berish haqini talab qilgan boykot-aksiyalarni bir eslang. Obama erishgan muvaffaqiyat uzoq, azob-uqubatli kurash mahsuli. Teng huquq uchun kurashgan avlod vakillarining hissasi katta”.

O’tgan yilning 20 yanvar kuni prezident Obamaning Kapitoliy ostonasidan turib qasamyod qilgani mamlakat tarixida yangi sahifa ochdi. Odamning irqi yoki jinsi emas, shaxsi ustun ekani amalda isbotini topdi.

“Farzandlarimga katta bo’lsang istagan kasbni egallashing mumkin, imkoniyatlar cheksiz deb uqtirib kelganman. Qasamyod kuni bunga o’zlari guvoh bo’lishdi. Mehnat qilsang, harakat qilsang, marra seniki”, - deydi Vurtis Kaningxem.

Alangali nutqlarida Obama yoshlarni “kelajagingiz o’z qo’lingizda, bunga ishoning” deb da’vat etib keladi.

“Astoydil urinsam, balki bir kun kelib ilk qora tanli prezident bo’larman. Afro-amerikalik ekanim hecham to’siq emas”, - deydi 11 yoshli Gven.

Barak Obama prezidentligining ikkinchi yiliga kirishar ekan, ichki va tashqi siyosatda muammolar bir dunyo. “Jiddiy sinovlar hali oldinda. Oson bo’lmaydi”, deydi uning tarafdorlari.

Iroq va Afg’onistondagi urushlar, Amerika xavfsizligini ta’minlash, iqtisodiyotni oyoqqa turg’azib ishsizlikni kamaytirish, sog’liqni saqlash sohasidagi islohotlar va hokazo. Obama bergan ulka va’dalar ro’yobga chiqishni kutmoqda.

XS
SM
MD
LG