Breaking News

AQSh davlat arboblari O'zbekistonga safar rejalamoqda


Prezident Islom Karimov 2010 yilda AQSh-O’zbekiston aloqalarini mustahkamlash bo’yicha dasturni tasdiqlagan.

Tashqi ishlar vaziri Vladimir Norov boshchiligidagi delegatsiya 2009 yilning dekabr oyida Vashingtonda Amerika rasmiylari bilan kengash qilib, hamkorlik loyihasi tuzilgan edi. Kelasi uchrashuv Toshkentda o'tadi.

Dastur xavfsizlik, iqtisodiyot, inson qadriyatlari va Afg'onistonda tinchlikni ta'minlash kabi masalalarni o’z ichiga oladi.

Amerikaning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Richard Norland matbuot xodimlari bilan uchrashgan.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton yoz oylarida O'zbekistonga tashrif qilishi mumkin degan taxminlar bor, lekin elchixona buni tasdiqlamagan.

Norlandning aytishicha, Amerika va O'zbekiston rasmiylari muntazam siyosiy muloqotda.

Fevral oyida AQShning Afg'oniston va Pokiston bo'yicha elchisi Richard Xolbrukning Toshkentga safari rejalangan. AQSh kongessmenlari ham kutilmoqda.

AQSh elchisining hamkorlik istiqbollari haqidagi qarashlari umid uyg'otadi. Norland O'zbekiston parlamentining birinchi majlisiga taklif qilingan sanoqli diplomatlardan.

Karimovning parlamentdagi chiqishi, xususan, Afg'oniston bo'yicha fikrlari, AQSh Kongressi haqidagi mulohazalari, shuningdek, jurnalistlar avholi haqida aytgan gaplari elchida iliq taassurot qoldirgan.

“O'zbekistonda jurnalistlar haqida muhokama borayotgani juda ijobiy holat. Bu albatta, mamlakatning ichki ishi. Biz buni hurmat qilamiz”, - deydi Norland.

Sharhlovchilar nazarida AQSh-O'zbekiston aloqalari yangi bosqichga ko'tarilgan. Biroq o’zaro aloqalarga bog’langan umidlar o’zini oqlaydimi-yo’qmi, hozircha aniq bir narsa deyish qiyin.

XS
SM
MD
LG