Toliblarni jamiyatga qaytarishga 140 million dollar ajratilmoqda


Londonda Afg'oniston bo'yicha o'tgan xalqaro anjumanda jahonning yirik davlatlari toliblarni tinch hayotga qaytarish rejasini qo'llab-quvvatlab, afg'on kuchlari salohiyatini oshirish zarurati haqida gaplashgan. Anjumanda 70 dan ziyod davlat va tashkilot vakillari ishtirok etgan.

Bir kunlik anjuman ishtirokchilari nazarida zo'ravonlikdan voz kechib, qurolini tashlagan toliblarni jamiyatga qaytarish va mamlakat xavfsizligini ta'minlashni afg'on armiyasi va politsiyasi zimmasiga yuklash juda muhim.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Milibandning aytishicha, xalqaro hamjamiyat bu boradagi harakatlarni qo'llab-quvvatlashga tayyor.

Anjumanda Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay ham qatnashgan.

Uning aytishicha, yo'ldan adashgan, al Qoidaga qo'shilmagan toliblar bilan muloqotni boshlash kerak.

Ushbu masala afg'on oqsoqollari bilan ham Loya Jirg'a majlisida tez kunlarda muhokama etiladi, deydi Karzay.

AQSh Davlat kotibasi Xillari Klinton ham toliblar bilan murosa qilish taklifiga xayrixohlik bildirar ekan, ular urushdan charchagan, oilasiga qaytishni istaydi, deydi.

Toliblarni jamiyatga qaytarish va xavfsizligini ta'minlash maqsadida maxsus xalqaro jamg'arma tuzilib, anjuman davomida davlatlar jami 140 million dollar ajratishga kelishib olgan.

Britaniya Bosh vaziri Gordon Braunning aytishicha, Afg'oniston armiyasi, politsiyasi, hukumati salohiyatini kuchaytirishga yordam berilsa, afg'onlarning o'zi xavfsizligini ta'minlashga qodir bo'ladi.

"Askarlarimiz esa vatanga qaytadi", - deydi Braun.

XS
SM
MD
LG