Klinton: NATO, Yevropa kengayishidan Rossiya ham manfaatdor


AQSh tashqi ishlar vazirasi Xillari Klintonning aytishicha, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqiga kiruvchi davlatlar 21 asr tahdidlarini bartaraf etish yo’lida Rossiya bilan yaqinroq hamkorlikka tayyor.

“Terrorizm, kiber xurujlar va iqlim muammolariga faqat birgalikda javob topa olamiz. Hamkorlikdan boshqa yo’l yo’q”, - deya qayd etdi Klinton Parijda "Amerika Ovozi" muxbiri bilan suhbatda.

Fransiya harbiy akademiyasida qilgan chiqishida davlat kotibasi Yevropa xavfsizligini AQSh tashqi siyosatining ajralmas qismi deya e’tirof etdi.

“Obama ma’muriyati dunyoning boshqa qismlarida mojarolar bilan band bo’lib, Yevropa xavfsizligi e’tibordan chetda qolmoqda degan xavotirlar o’rinsiz”, - deydi Xillari Klinton.

Shu bilan birga, Vashington Kreml bilan munosabatlarni yangilash harakatida. Bir yil oldin Jorj Bush prezidentligining so’nggi oylarida aloqalar eng past nuqtaga yetgan edi. Bugun ular yangicha ohangda gaplasha boshlagan.

AQSh va Rossiya Afg’onistonda tinchlik o’rnatish, Eron va Shimoliy Koreyani yadroviy maqsadlaridan qaytarish bobida hamkorlik qilyapti. Yaqin orada strategik qurollarni kamaytirish bitimi yangilanishi kutilmoqda.

AQSh davlat kotibasi Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi – NATOning kengayishini himoya qilib, bunga Rossiya bilan raqobat-bellashuv sifatida qaramaslik lozim, deydi. Klintonning ta’kidlashicha, Sovuq Urush davrida bir-biriga g’anim bo’lgan davlatlar bugun hamkor, NATOning kengayishi esa qit’a bo’ylab osoyishtalikni ta’minlaydi.

"AQSh va Rossiya har sohada kelisha olmasligi mumkin, biroq muloqot konstruktriv ruhda davom etishi kerak".

“Rossiya 2008 yilgi urush ketidan Gruziyaning bo’lginchi hududlarini mustaqil deb tan olib, ularga iqtisodiy-harbiy ko’makni oshirmoqda. Bu Gruziya bilan imzolangan sulh shartlariga zid. AQSh Abxaziya va Janubiy Osetiyani hamon Gruziyaning tarkibiy qismi deb hisoblaydi. Hozirgi zamonda “ta’sir doiralari” haqida gapirishi o’rinsiz”, - deydi Amerika tashqi ishlar vazirasi.

Ayni paytda Qo’shma Shtatlar o’zi va ittifoqchilarini himoya qilish uchun Yevropada mudofaa sistemalarini o’rnatishning muqobil rejasini ishlab chiqmoqda. “Rossiyadan bu borada biz bilan hamkorlik qilishni so’raymiz”, - deydi Xillari Klinton.

XS
SM
MD
LG