Xitoy AQSh bilan harbiy muloqotni to'xtatgan


AQShning Tayvanga 6,5 milliard dollarga teng qurol-yarog’ sotishni ko’zlar ekan, Xitoy bu qarorga norozilik sifatida Amerika bilan harbiy almashinuv dasturlari va xavfsizlik bobida muloqotni to’xtatishga qaror qilgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligiga ko’ra, Pentagonning Tayvanni qurol bilan ta’minlash qarori xalqaro va mintaqaviy hamkorlik sohalariga ham salbiy ta’sir ko’rsatadi. Tayvanga qurol sotayotgan Amerika kompaniyalariga sanksiya qo’yilishi mumkin.

Xitoy o’z-o’zini boshqaruvchi va BMT a’zoligiga intilayotgan Tayvanni o’z mulki deb biladi. AQSh esa bir necha yil burun orol davlati bilan uning mudofaasini mustahkamlashga qaratilgan bitim imzolagan.

Hujjatga muvofiq, AQSh Mudofaa vazirligi Tayvanga 60 vertolyot, Patriot raketalari, radar va kommunikatsiya tizimlari sotishni rejalagan. “Bitim F-16 qiruvchi samolyotlarini o’z ichiga olmaydi”, - deydi rasmiylar.

Oq uy va AQSh harbiy rahbariyati “Xitoy bilan munosabatlar o’ta muhim, kelishmovchiliklarni muloqot orqali hal qilaylik” demoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vaziri muovini He Yafey Amerika elchisi Jon Xantsmanni chaqirtirib, e’tiroz bildirgan. “Tayvanga qurol sotish rejasi Xitoy xavfsizligiga tahdid, AQShdan uni bekor qilishni so’raymiz”, - deydi rasmiy.

XS
SM
MD
LG