Aeroportdagi skanerlar rak-saratonga yetaklashi mumkin


Terror xavfi kuchaygan Amerikada aholi aeroportda tekshir-tekshir ko’payganiga qarshi emas.

Gohida skanerlar ta’siri haqida bahslar quloqqa chalinadi. Ba’zilar yo’lovchining hurmati haqida gapirsa, boshqalar uning salomatligi haqida qayg’urmoqda.

Skanerlar sog’liqqa zarar degan qarash mavjud. Ilmiy asos shuki, skaner tarqatgan radiatsiya keyinchalik rak-saraton kasaliga olib borishi mumkin.

O’tgan yil oxirida AQSh samolyotini portlatishga uringan shaxs skaner bilan tekshirilganda edi, uning egnidagi portlovchi moslama qo’lga tushgan, kirdikori ancha oldin fosh qilingan bo’lar edi.

AQSh, Britaniya, Gollandiya, Fransiya va Italiya yaqinda aeroportlarda yangi skanerlar o’rnatishga kelishib oldi.

“Hozirgi qurilma-anjomlar bilan qurol-aslahani topish qiyin. Badanni to’liq ko’radigan skanerlar kerak”,-deydi xavfsizlik bo’yicha mutaxassis kapitan Niko Vurbak.

Yangi texnika rentgen nurlari yordamida odam tanasini boshqan oyoq ko’rsatib, mayda detallarni ham ilg’ashga qodir.

Bu sinchkov tekshiruv odamning izzat-nafsiga tegishi bir masala. Ammo mazkur skanerlar saraton kasaliga turtki berishi jiddiy xavotir uyg’otgan.

Mutaxassislar vahimaga hojat yo’q deydi. Skanerlar tarqatgan rentgen nurlari ko’krak qafasi yoki miyani rentgen qilishda qo’llanadigan nurlanishdan bir necha ming karra kam.

Professor Maxadevappa Maxesh AQShdagi Jons Xopkins Universitetida radiologiya bo’yicha ekspert:

“Yo’lovchi taxminan 8-15 soniya davomida nurlanadi. Bu radiatsiya xavfli emas, chunki tekshiruv-qidiruv tizimida rentgen nurlari tanadan o’tmaydi, faqat suratga oladi. Ya’ni badanning tashqi qismigina tasvirga tushiriladi. Salomatlik haqida qayg’urishga hojat yo’q”.

O’tgan yil dekabi, Rojdestvo kuni nigeriyalik Umar Farrux Abdumutallab vatanida AQSh samolyotiga minib, Amsterdamga yo’l olgan.

Qo’shma Shtatlar Nigeriyani maxsus skanerlar bilan ta’minlab keladi, biroq nima uchundir Abdumutallab uchgan reys yo’lovchilari tekshirilmagan. Mutaxassislar fikricha, bu mashinalar o’ta qimmat va yo’qsil davlatlarda uni xarid qilish uchun pul yo’q.

Boy davlatlar xayriya qildi ham deylik, salomatlik masalasi ham bor-ku.

Hamma joyda ham bu sistemani qo’llash yaxshi yo’lga qo’yilmagan, demak xavf, halokat ehtimoli ham yuqori.

“Kasalxonada rentgen mashinalarini vaqti-vaqti bilan sozlab turamiz – radiatsiya darajasi me’yordan ortib ketmadimi, salomatlikka zarar qilmaydimi, degan ma’noda. Texnika bo’lgandan keyin buziladi-da. Skanerlar ham ishdan chiqishi, ko’proq radiatsiya tarqata boshlashi hech gapmas. Uni doim tekshirib turish kerak”,-deydi janob Maxesh.

Garchi aksariyat mutaxassislar skanerlar xavfsiz ekanini aytsa-da, har holda ehtiyot bo’lish kerak, deydi Nyu-Yorkdagi Kolumbiya Universiteti Tibbiy markazi ilmiy xodimi Deyvid Brenner.

“Kattalarni qo’yib turing, radiatsiyaning bolalarga ta’siri kuchli. Ayniqsa, homilador ayollar ehtiyot bo’lishi kerak”,-deydi olim.

Ekspertlar fikricha masala hali yanada izchil o’rganilishi kerak.

XS
SM
MD
LG