Xitoy AQShning Tayvanga qurol savdosidan norozi


AQSh hukumatining Tayvanga deyarli 6,5 milliard dollarlik qurol sotish rejasi bu orolni o'z hududi deb hisoblovchi Xitoy noroziligiga uchramoqda. Mamlakat mudofaa va tashqi ishlar vazirliklari bu hol AQSh-Xitoy aloqalarining taranglashishiga olib keladi, demoqda.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi ham vaziyatdan xavotirda ekanini aytib, bunga keskin qarshimiz, deydi.

Qo'shma Shtatlar bu haqda juma kuni e'lon qilgan. Xitoy javob berishda ko'p kuttirmay, AQSh bilan ikki tomonlama harbiy almashinuvlarni to'xtatib, Tayvanga qurol sotgan amerikalik kompaniyalarga sanksiya qo'llashini bildirgan. AQShning Xitoydagi elchisi Jon Xantsmen Tashqi ishlar vazirligiga chaqirtirilgan.

Pekin universiteti professori Ju Fengning aytishicha, Tayvan AQSh-Xitoy munosabatlaridagi eng ziddiyatli masaladir.

"Agar Vashington Pekin bilan aloqalarini yaxshilamoqchi bo'lsa, Xitoyga nisbatan munosabatini o'zgartirib, Tayvanga qurol sotishni bas qilishi lozim", - deydi tahlilchi.

Mutaxassislar fikricha AQShning ham Xitoyga o'ziga yarasha e'tirozi bor. Internetdagi Gugl kompaniyasining Xitoyda senzuraga uchrayotgani shulardan biri.

AQSh elchisi Xantsmen nazarida ba'zi kelishmovchiliklarga qaramay, ikki davlat ko'p yo'nalishlarda hamkor, jumladan Shimoliy Koreya va Eron atom dasturlari, iqlim o'zgarishi bo'yicha.

"Bu masalalar norozilikdan ko'ra hamkorligimiz kuchliroq ekanini ko'rsatmoqda. Bahsu munozarlar bo'lishi sog'lom va tabiiy holdir", - deydi AQSh diplomati.

O'tgan asrning 40-yillarida Xitoyda millatchilar fuqarolik urushida kommunistlarga mag'lub bo'lgach, Tayvanga qochib, u yerda yangi hukumat tuzadi. Qo'shma Shtatlar avvaliga Tayvanni Xitoyning qonuniy hukumati sifatida tan oladi, biroq 1979 yilga borib, orolni tashqi xurujdan himoya qilishga so'z bergan holda Pekinni tan olishga majbur bo'ladi.

XS
SM
MD
LG