BMT rahbari Kiprdagi kuchlarni muloqotni kuchaytirishga chaqirmoqda


Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Pan Gi Mun Kiprda turk va grek jamoalarini 36 yillik mojaroga chek qo'yishga da'vat etish uchun orolga safar qilgan. BMT rahbari munozara yechimi yaqin, deydi.

Pan Gi Mun har ikki jamoa rahbarlari bilan uchrashar ekan, ularni matonat, murosa va xolis niyat namoyish etishga chaqirdi.

"Kipr muammosining yechimi oson emasligini tushunaman. Biroq harakat bo'lsa, unga erishish mumkin", - deydi u.

Kipr shimolida yashovchi turklar va janubidagi greklar 2008 yildan beri tashkilot vositachiligida muzokara qiladi. O'tgan oy Kipr prezidenti Demetris Kristofias va turklar rahbari Mehmet Ali Talat har ikki jamoa orasidagi kelishmovchiliklarni tahlil etib, hal qilish maqsadida uch kun muloqot qilgan.

Turklar nazorati ostidagi shimolda saylovlar yaqinlashar va Mehmet Ali Talatdan ko'ra konservativroq kuchlarning qo'li baland kelishi taxmin qilinar ekan, muzokaralarning saylovdan oldin natija berishi o'ta muhim, deydi kuzatuvchilar.

"Har ikki jamoa yetakchilari so'nggi 16 oy davomida tinchlik jarayoni uchun vaqti va shijoatini ayamadi. Kelajakda orol boshqaruvi va hokimiyatni bo'lishish kabi masalalarda olg'a siljish bor", - deydi BMT Bosh kotibi Pan Gi Mun.

Shunga qaramay kuzatuvchilar muzokaralar sekin kechayapti deb, jarayonni tanqid qilmoqda.

Orol rahbarlari qanday qarorga kelmasin, har ikki jamoa aholisi unga referendumda ovoz berishi kerak bo'ladi.

Kiprda 1974 yili harbiy davlat to'ntarishini Gretsiya hukumati qo'llab-quvvatlagach, Turkiya orol shimoliga qo'shin kiritib, uni egallagan edi. 2004 yili greklar yashovchi Janubiy Kipr Yevropa Ittifoqiga qo'shilgan. Shimoldagi hukumat esa yolg'iz Turkiya tomonidan tan olinadi.

XS
SM
MD
LG