Breaking News

Xitoy: AQShning Tayvanga qurol sotayotgani javobsiz qolmaydi


Xitoy AQShni “Tayvanga qurol sotish sizga juda qimmatga tushadi” deya ogohlantirishda davom etmoqda.

"Amerika Ovozi"ning Pekindagi muxbiri Stefani Xo xabar berishicha Obama ma’muriyatining Tayvanga, Xitoy o’z hududi deb hisoblovchi orolga, olti yarim milliard dollarga teng qurol-aslaha sotayotgani bu davlat rahbarlarini oyoqqa turg’azgan.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ma Jaozi deydiki, AQSh Xitoy bunga qarshi chiqishini bila turib, oradagi serqirra hamkorlik va bitim-shartnomalarga qaramay Tayvan bilan shunday harbiy-siyosiy kelishuvga borgan. "Bu hol", deydi u, "javobsiz qolmaydi".

Qurolni Tayvanga bevosita AQSh hukumati emas, Amerikada asoslangan kompaniyalar sotmoqda. Lekin kelishuv Oq Uy va Pentagon, Mudofaa vazirligi tasdig’idan o’tgan. Xitoy kompaniyalarga sanksiya qo’yish harakatida. Ularning nomi oshkor etilmayapti. Sanksiyalar nimadan iborat bo’lishi ham hozircha mavhum. Lekin qurol sotuvchi bizneslar nomi bizga ma’lum. Bular “Lockheed Martin”, “Raytheon” va “Boeing”lardir.

Tayvan o’zini mustaqil davlat deb biladi va Xitoyni tan olmaydi. Amerika uni azaldan quvvatlab kelgan, lekin 1979 yildan beri Vashington pozitsiyasi shuki, Tayvan - Xitoy yeri. Biroq AQSh Tayvanni har qanday xavfdan himoya qilishni o’z bo’yniga olgan.

Xitoy Tayvan masalasi qatorida hozirda Vashingtondan boshqa yana bir sabab bilan norozi. Pentagon yilnomasida Xitoy o’z harbiy sarf-harajatlarini oshkor etmay, dunyo tinchligiga raxna solmoqda deya tanqid qilinadi.

Xitoy Tashqi ishlar vazirligi rasmiysi Ma Jaozi “Bu Amerikaning jonga tekkan ayblovlaridan biri” deydi.

“Harbiy salohiyatimizni mustahkamlayotganimiz sir emas. Bunga haqqimiz bor. Mudofaa va xavfsizlik bobida qilayotgan qarorlarimiz bu bizning ishimiz. AQSh aralashmasin”,- deydi Xitoy diplomati.

AQSh rasmiylari Xitoydan kelayotgan bayonotlarni o’tkinchi dag’dag’a sifatida ko’rib, oradagi hamkorlikka uzoq muddatda zarar yetmaydi degan fikrda.

"Xitoy va AQSh global iqtisodiyot va siyosatda muhim rol o’ynaydi va har ikki davlat bo’yniga buyuk mas’uliyatlar yuklangan. Ularni bajarish uchun birga ishlashga majburmiz",- deydi Amerika diplomatlari.

XS
SM
MD
LG