Breaking News

Qozog'iston Yevropa tashkilotiga raislikdan unumli foydalanmoqchi


Shu kunlarda Vashingtonda Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev boshchiligidagi delegatsiya mehmonda. Davlat departamenti, Oq uy, Energetika vazirligi va bir necha yirik kompaniya rahbarlari va vakillari bilan uchrashuvlar rejalangan.

Kecha Saudabayev AQSh Kongressi qoshidagi Xelsinki Komissiyasi tinglovida ishtirok etib, Qozog'istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi sifatidagi roli va vazifalari haqida hisobot berdi.

AQShda 7 yil elchi lavozimida ishlagan Kanat Saudabayev Qozog'istonning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga rais etib saylanishida AQShning xizmati katta deydi. Tinglovda ishtirok etgan kongressmenlarga bunday ishonch uchun minnatdorchilik bildirar ekan, Qozog'iston tashqi ishlar vaziri "uni amaliy ishlar bilan oqlaymiz" dedi.

"Qozog'iston tashkilot raisi sifatida uning asosiy tamoyillari va qadriyatlari asosida ish tutadi. E'tiqod va matbuot erkinligi, qonun ustuvorligi, mustaqil adliya tizimiga alohida e'tibor beriladi. Rivojlangan demokratik jamiyatni barpo etish yo'lini o'zimiz tanlaganmiz", - deydi Kanat Saudabayev.

Uning aytishicha, Qozog'iston tashkilot raisligidan bir necha maqsadlarda foydalanmoqchi. Inson huquqlari va demokratlashtirish bobida a'zo mamlakatlar orasida diniy va etnik bag'rikenglik keng targ'ib etiladi. Demokratik institutlar saviyasi oshiriladi. Inson savdosiga qarshi kurash kuchaytiriladi. Ayollarning jamiyatdagi roliga alohida e'tibor qaratiladi. Saylovlarni kuzatish mexanizmi takomillashtiriladi, deydi vazir.

"2010 yilda turli mamlakatlarda jami 15 ga yaqin saylovlar o'tishi rejalangan. Ukrainadagi saylovlar Qozog'iston raisligi ostida kuzatilgan ilk jarayon bo'ldi. 7 fevralga belgilangan ikkinchi bosqich ham tashkilot talablari ostida o'tadi degan umiddamiz", - deydi Saudabayev.

AQSh Vakillar Palatasi Tashqi aloqalar qo'mitasi a'zosi Eni Faleomavayeganing aytishicha, ba'zi nodavlat tashkilotlar tanqidiga qaramay, Qozog'iston AQShning eng yaqin hamkori ekanini amalda isbotlab, jahon tinchligiga ko'p hissa qo'shgan davlatdir.

"Yirik davlatlar minglab yadro qurollariga ega bir paytda Qozog'iston Sovet Ittifoqidan meros bo'lib qolgan yadro arsenalidan mustaqillikning ilk yillaridayoq voz kechdi. Qozog'istondagi qurollar soni Angliya, Fransiya va Xitoy arsenalining umumiy yig'indisidan ham ko'p bo'lganini yoddan chiqarmaslik kerak", - deydi Faleomavayega.

Qonunchiga ko'ra, AQShdek yirik demokratik davlat ikki asrdan ziyod tarixida qora tanli insonni endigina prezidentlikka saylagan bir paytda Qozog'iston kabi yosh mamlakatdan qisqa vaqt ichida keskin o'zgarishlarni kutish to'g'ri emas. Kongressmen Nursulton Nazarboyev siyosatini olqishlashda davom etar ekan, Qozog'iston Afg'onistonni qayta qurishga yordamlashish uchun harakat dasturiga ega mintaqadagi yagona davlat, deydi.

"Markaziy Osiyo ishtiroki va yordamisiz Afg'onistonda muvaffaqiyatga erisha olmaymiz. Xususan Qozog'iston mojarolardan boshi chiqmagan davlatga ijtimoiy, gumanitar, ta'lim, texnik, xavfsizlik kuchlari saviyasini oshirish, irrigatsiya sohalarida amaliy yordam ko'rsatgan".

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayevning qo'shimcha qilib aytishicha, uning mamlakati global moliyaviy tanazzul oqibatlariga qaramay, ming nafar afg'on mutaxassislarini Qozog'iston o'quv yurtlarida tayyorlash uchun 50 million dollar ajratgan.

"Afg'onistonda tinchlikni yolg'iz harbiy kuch bilan o'rnatib bo'lmaydi. Xalqaro hamjamiyat gumanitar yordam miqyosini kengaytirishi lozim", - deydi vazir.

Tadbirni kuzatgan Ochiq jamiyat instituti nodavlat tashkiloti tahlilchisi Jeff Goldstaynning aytishicha, Qozog'iston tashkilot raisligini qo'lga kiritguncha ko'p va'dalar berdi. Hozir ularni bajarish vaqti, deydi u.

"Vazir Saudabayev inson huquqlarini himoya qilish bobidagi rejalar haqida ko'p gapirganiga qaramay, Qozog'istonda bu borada talaygina muammolar bor. Mustaqil jurnalist va faollar hibsda, gazetalar yopilgan, so'z va matbuot erkinligini cheklovchi qonunlar qabul qilingan", - deydi mutaxassis.

Qozog'iston Tashqi ishlar vaziri Kanat Saudabayev bu va boshqa masalalarni muhokama etib, unga yechim topish uchun Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti doirasida a'zo davlatlar rahbarlari sammitini o'tkazish vaqti keldi, deydi. Tashkilot sammiti so'nggi bor 1999 yili Istanbulda o'tgan. Xelsinki Komissiyasi tinglovida ishtirok etgan AQSh qonunchilari Qozog'istonning bu tashabbusini qo'llab-quvvatlashini bildirdi.

Biroq, deydi Ochiq jamiyat instituti vakili Jeff Goldstayn, sammit o'tkazishdan oldin rasmiy Ostona konkret muammolarni hal etishda konkret natija namoyish etishi kerak.

XS
SM
MD
LG