Breaking News

Ruminiya AQSh rejalagan mudofaa tizimini qabul qilishga rozi


Ruminiya hukumati AQSh rejalagan mudofaa tizimini o’z hududida o’rnatishga rozi. Qo’shma Shtatlar va Yevropani Eron hujumidan himoya qilishni ko’zlovchi loyihaga Rossiya qarshilik bildirmoqda.

Ruminiya prezidenti Trayan Baseskuning aytishicha, NATOga a’zo davlat Oliy mudofaa kengashi loyihani ma’qullagan. Hujjat kuchga kirishi uchun parlament ruxsati ham kerak. Reja doirasida Ruminiyada raketalar o’rnatiladi va mudofaa tizimi 2015 yilda ishga tushadi.

Prezident Jorj Bush davrida mudofaa tizimini Polsha va Chexiya Respublikasida qurish taklif qilingan edi. Biroq Obama ma’muriyati o’tgan yili loyihaga jiddiy tuzatishlar kiritgan. Avvalgi reja Yevropa va AQShni uzoq masofaga uchadigan raketadan mudofaa qilishni ko’zlagan. Bu galgi loyiha qisqa va o’rta masofali raketadan himoya qiladi. Eron hozir aynan shunday qurolga ega ekani aytiladi.

Vashington Ruminiya qaroridan mamnun, ammo Kreml har ikki tomondan izoh talab qilmoqda. Rossiya rahbariyati nazarida bu taklif AQSh bilan strategik qurollar sonini kamaytirish masalasida ketayotgan muzokaraga halaqit berishi mumkin.

Davlat departamenti matbuot kotibi P.J. Krouli so’zlariga ko’ra, tizim Rossiya emas, Eron xavfidan himoya rolini o’taydi.

AQSh va ittifoqchi davlatlarni tahdiddan mudofaa qilish tizimi doirasida Yevropada, jumladan, Ruminiya va Polshada SM-3 rusumli raketalar o’rnatiladi, Fors ko’rfaziga harbiy kemalar jo’natiladi.

XS
SM
MD
LG