O'zbekistonda aholi adliya tizimi va militsiyadan shikoyat qilmoqda


Huquq bobida faoliyat ko’rsatib kelayotgan “Ezgulik” jamiyati, “Najot” tashkiloti va O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhi yaqinda yillik hisobotlarini e’lon qilishdi. Xulosa shuki, mamlakatdagi vaziyat og'irlashib bormoqda.

“2009 yilda fuqarolarning davlat idoralari, huquq-tartibot organlari ustidan shikoyati ko’paygan” deyiladi “Ezgulik” jamiyati hisobotida.

“Masalan, 2008 yilda kichkina bir nodavlat tashkilotiga 400 ga yaqin shikoyat tushgan bo’lsa, 2009 yilda tashkilotimizga kamida 1000 ariza tushgan. Bu arizalar, asosan, sudlarda, huquq-tartibot organlaridagi poraxo’rlik, adolatsizlik va qiynoqlar haqida”, - deydi “Ezgulik” jamiyati vakili Abdurahmon Tashanov.

O’zbekiston inson huquqlari tashabbus guruhining hisobotida ko’proq diniy vaziyat tilga olinadi. Tashkilot rahbari Surat Ikromovning aytishicha, mamlakatda qiynoqlar to'xtamagan, aksincha.

“Qamoqxonalardan, mahbuslarning qarindoshlaridan murojaatlar kelgan. Qiynoqqa olish vositalari, usullari, bunda kimlar ishtirok etayotgani haqida axborot yig’dik. Qiynoqlar eng asosiy muammo bo'lib qolmoqda”, - deydi Surat Ikromov.

“Najot” inson huquqlari tashkiloti Qoraqalpog'iston va Xorazm viloyatidagi vaziyatni, xususan, mehnat muhojirlari, millatchilik qurboniga aylanayotgan, bedarak ketayotgan o'zbeklar bilan bog'liq holatni tahlil qilgan. Tashkilot rahbari Hayitboy Yoqubov bir muddat Rossiya Federatsiyasida bo'lib qaytgan.

“O'zbekiston ularning qanday, nima sabab bilan o’lganini o’rganmayapti. Ikki davlat o'rtasida bu borada biror muloqot yo'q. O’lgan odamlarning bu yerda bolasi, oilasi qolgan. Mavjud qonunlarga ko'ra, o'lim sabablari aniqlamgach, ularga nafaqa yoki boshqa yordam ko'rsatilishi kerak. Lekin bu narsalar hamon isbotini topmayapti,” - deydi Hayitboy Yoqubov.

“Najot” tashkiloti fuqarolarning o’z joniga qasd qilish holatlariga e’tibor qaratadi. Bu ko’rsatkich erkaklar orasida ham ko’payib bormoqda, deydi tashkilot xodimlari. Huquq himoyachilari so’zlariga ko’ra, hukumat vaziyat og’irlashib borayotganidan yaxshi xabardor. Biroq inson huquqlari toptalishida ko’proq davlat idoralarining o'zi aybdor ekan, bu borada biror o'zgarish bo'lishiga umid yo’q.

“Qonunchilik palatasiga, boshqa joylarga yangi deputatlar keldi. Agar muammolarni ko'tarib chiqadigan odamlar bo’lsa, jamiyatga foydasi tegadigan bir qonunlar qabul qilsa, o'zgarish haqida gapirish mumkin bo'lar”, - deydi Hayitboy Yoqubov.

“Avvalgi yillarga nisbatan O'zbekiston tashqi siyosati mo'tadillashdi, demokratik davlatlar bilan aloqalar tiklandi. Lekin afsuski buning inson huquqlari masalasiga biror ta'siri sezilgani yo'q”, - deydi Abdurahmon Tashanov.

Huquq himoyachilariga ko'ra, mamlakatda inson huquqlari buzilishining oldini oluvchi vositalar ishlamaydi – matbuot nazoratda, siyosiy erkinlik yo'q, muxolif harakatlar taqiqlangan, fuqarolik jamiyati faollari doimiy ta'qib ostida.

XS
SM
MD
LG