Qirg'iziston: Bezorilik bekorchilikdan, nazorat yo'qligidan


Mustaqillikdan buyon siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy muammolar girdobida qolayotgan Qirg’izistonda maorif tizimi zaiflashib borar ekan, mahalliy nodavlat tashkilotlar va rasmiylar nazarida o’quvchilar orasida zo’ravonlik hollari ko’paygan.

Mamlakat istiqboli bo’lmish yoshlar savodi va tarbiyasi dolzarb muammolardan. Ma’lumotlarga ko’ra, har yili bir necha ming bolakay “reketchi” deb atalmish tengqurlari zo’ravonligidan jafo chekadi.

“Har-hil maktablardan kelishib, pul so’rashadi. Olishadi. Qo’rqqanimizdan beramiz”, - deydi O’sh maktablaridan birining beshinchi sinf o’quvchisi.

Masala ko’ndalang: yo aqchadan ajralish, yoki kaltaklanish.

Muallim Jo’raboy Olimov nazarida muammoga o’spirinlarning bo’sh vaqti ko’pligi, bekorchilik sabab.

“Maktabda olti soat dars o’tgandan so’ng bolalar bekor qolishyapti. Uyida esa yetarli nazorat yo’q. Maktablarga kelib, o’quvchilarni to’plab, besh-on so’m berasan deyisharkan. Kuchli o’spirinlar o’zidan kichik bo’lganlardan pul talab qilisharkan”, - deydi u.

“Reket kuchayishi bolalarning qarovsiz qolganidan kelib chiqayapti. Bu narsa tarbiyaning eng zaif nuqtasi”, - deydi muallima Muhtaramxon Usmonova.

Mahalliy “Ulybka” nomli nodavlat tashkilot tadqiqotlariga ko’ra, o’quvchilar orasida tamagirlik, mushtumzo’rlik ko’paygan. So’rovlarda qatnashganlarning 73 foizi hech bo’lmaganda bir marotaba reketchilarning bosimiga uchragan.

Qirg’iziston matbuotiga ko’ra, oxirgi ikki yilda o’lkada bir necha ming o’quvchi tengdoshlari tomonidan jabrlangan. Ayrimlari jon taslim qilgan.

“Ushbu ko’rinishga katta odamlarning ham ta’siri bor, sababi o’spirinlar kimgadir o’xshamoqchi bo’lishadi. Aytaylik, o’zimizning amaliyotimizda bo’lgan narsa: bir necha o’quvchi kriminal dunyo odami bo’lmoqchimiz deyishgan. Hattoki taniqli jinoyatchilarning ismlarini aytib, o’sha insonlarni hurmat qilishlarini aytishgan. Kriminal dunyo ichidagi qoidalarga taqlid qilishayapti ayrimlari”, - deydi nodavlat tashkilot rahbari Elmira Umarova.

Maktablarda zo’ravonlikni jilovlash uchun nima qilish kerak?

“Bu haqda biz ham juda ko’p o’ylandik. Menimcha, bolalar bilan ishlashda davlat, maktab, ota-onalar o’z harakatlarini birlashtirishlari kerak. Davlat tomonidan maktabdagi zo’ravonlar uchun qandaydir jazo topilishi lozim. Ota-onalari uchun ham javobgarlik bo’lishi darkor. Sovet Ittifoqi davrida hattoki maktabga kech qolib kelgan yoki sababsiz kelmagan bolalar ota-onalari qay bir ravishda jazo olardi”, - deb davom etadi Elmira Umarova.

Tadqiqotchi Mavjuda Usmonova tarbiya ishlariga alohida e’tibor qaratadi.

“Bolalarning kelajagi bizning qo’limizda. Agar biz eski oqimda ketaversak davlat ham, jamiyat ham rivojlanmaydi. Yoshlarga yaxshilikni o’rgatishimiz kerak. Axir barcha o’spirinlar bunday yomon emasku. Ular orasida bir necha kuchli o’quvchilar boshqalardan ustun kelayapti. Shuning uchun biz qolganlarning ideallarini o’zgartirishimiz darkor. Ularga aql bilan ham pul va hurmat topish mumkinligini ko’rsatishimiz lozim”, - deydi tadqiqotchi.

O’sh shahar ta’lim boshqarmasi rahbari Abdivali Boltabayev fikricha, ta’lim-tarbiya sohasida ota-onalar mas’uliyatini oshirish darkor.

“Qonunda ota-ona javobgarchiligi yozilgan. Bunga qaramay ko’p ota-onalar farzandlar tarbiyasiga ahamiyat bermay qo’ygan. Minglab oila kattalari jigarbandlarini qarindosh-uruqqa tashlab xorijga tirikchilik uchun ketishgan. O’z holiga qoldirilgan bolalar tartibni buza boshlagan”, - deydi u.

Qirg’iziston Ta’lim vaziri Abdylda Musayev maktablardagi zo’ravonlikka barham berish maqsadida muallimlar va ota-onalargina emas, balki butun jamiyat harakatlarini uyg’unlashtirish lozimligini ta’kidlaydi. Chunonchi o’rta o’quv yurtlarida ijtimoiy nazoratchi lavozimini kiritish rejalanganini ma’lum qilgan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG