Breaking News

AQShda muhojirlar uchun ish topish oson emas


O’tgan yili Qo’shma Shtatlar urush, zo’ravonlik va ta’qiblar tufayli vatanini tark etgan 19 ming iroqlikni o’z bag’riga olgan.

Bular asosan AQSh harbiylari bilan hamkorlik qilgan insonlar; tarjimon, jurnalist, kontraktor va elchixona xodimlari. Muhojir uchun yangi vatanda yo’lini topib ketish oson emas.

Ko’pchilik Amerikaga yetib kelgach madaniy shokni boshdan kechiradi. Til, madaniyat, o’z sohasida ish topish bilan bog’liq qiyinchiliklar bilan yuzlashadi.

Muhojir uchun birinchi qiyinchilik bu til bilmaslik. Haydar Abdul Vahob turmush o’rtog’i Iymon bilan har kuni ingliz tili darslariga qatnaydi. Ular ikki farzandi bilan 2008 yili AQShdan boshpana topgan.

Abdul Vahob Bag’doddagi portlashda ko’zidan lat yegan. Yaxshi ko’rmaydi. Amerika hukumatidan yordam olib turamiz, deydi u, lekin yaxshi ish bo’lmasa oilani boqish qiyin.

“Ish topishga rosa qiynalyapmiz. Ko’zim ojizligi tufayli men uchun imkoniyatlar uncha ko’p emas. Rafiqam ish topish umidida ko’plab korxona-tashkilotlarga ariza topshirgan. Hozircha javob yo’q”, - deydi Abdul Vahob.

Farzandlari - 5 yashar Husayn va 9 yashar Jiylan yangi maktabiga, yangi sharoitga o’rganmoqda. Ularni o’quv qurollari bilan ta’minlash uchun ham mablag’ kerak.

Muhojirlar holidan xabardor tashkilotlar nazarida Amerika hukumati iroqliklarga yetarli yordam bermayapti, deydi Bob Keri, Xalqaro Qutqaruv qo’mitasi vakili.

“Gap bu odamlarning fundamental ehtiyojlarini qoplashda. Ularga oyoqqa turib olish uchun yordam kerak. Iqtisodiy inqiroz deganda birinchi navbatda muhojirlarga qiyin. Ish yo’q”.

Abdul Vahob vatandagi yangiliklardan boxabar. Iroqda Amerika harbiylari qo’lida qo’riqchi bo’lib ishlagan. 2007 yilda qochishga majbur bo’lgan.

AQSh Davlat departamenti rasmiysi Erik Shvarts deydiki, Amerika vatanda ta’qibga uchragan, boshpanasiz insonlarga yiliga millionlab dollar yordam ko’rsatadi. Iroq fuqarolari uchun imtiyozlar bor.

“Yangi joyda odam yo’lini topishi mashaqqatli jarayon. Bizning vazifamiz ularni zarur resurslar bilan ta’minlash. Mehnat qilsa, harakat qilsa odam albatta muvaffaqiyatga erishadi. Tarixan bunga misollar ko’p”, - deydi rasmiy.

Abdul Vahoblar oilasi mahalliy nohukumat tashkilotlar bilan muntazam aloqada. Ulardan yo’l-yo’riq, maslahat olib turishadi.

Haydar Abdul Vahob Iroqda otasi va akasidan ayrilgan. “Vatanni tark etganimdan hecham afsuslanmayman”, deydi u, “lekin Amerikada – yangi yurtda o’ziga kelib olishi uchun vaqt va sabr-toqat kerak”.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG