Breaking News

Geyts fikricha Eronga yangi sanksiya qo'yishga shoshmaslik kerak


Eron uranni hech kimning yordamisiz, mustaqil ravishda boyitish ishlarini boshlayotganini bayon qilmoqda. Bu borada bugun rasman Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikka bildirilgan.

Eron yadroviy quvvat dasturi rahbari Ali Akbar Solihiyning aytishicha tibbiy tadqiqotlar uchun ko’zlangan reaktorni ishlatish uchun 20 foizda boyitilgan uran kerak.

BMT qoshidagi atom agentligi bu moddani chet eldan olishni taklif qilayotgan, Rossiya va Fransiya singari davlatlar Eronga uranni boyitib berishga tayyor ekanini aytib kelayotgan edi. Maqsad jarayonni nazorat ostida saqlash.

Eronni yadroviy qurollar ustida ishlayotganlikda gumon qilib kelayotgan G’arb, xususan AQSh va Britaniya bu davlatga qarshi yangi sanksiyalar qo’yish kerak deb chiqmoqda.

Lekin bugun AQSh Mudofaa vaziri Robert Geyts Rimda Italiya Mudofaa vaziri Ignatsio La Russa bilan uchrashar ekan, “amaldagi choralar ish berishini kutish kerak” deya qayd etgan.

"Xalqaro hamjamiyat bir yoqadan bosh chiqarib, Eronga bosimni ushlab tursa, hozirgacha qo’yilgan sanksiyalarning samara berishiga ishonchim komil”,- deydi Geyts.

O’tgan hafta Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod uranning xorijda boyitilishiga qarshi emasligini aytgan edi.

Islomiy respublikaga ishonch past, deydi Geyts, lekin shoshib chora ko’rishga hojat yo’q.

“Muammo bu yerda Eron xalqida emas, boshqaruvda”,- deydi AQSh Mudofaa vaziri.

“Mamlakatda ahvol tang, ayniqsa iqtisodiy jihatdan. Biz vaziyatni yaqindan kuzatib turibmiz. Odamlar tuzumdan, bugungi siyosatdan to’ygan. Yana sanksiya qo’ysak, bu avvalo xalq uchun qattiq zarba bo’ladi”,- deya ta’kidlaydi Robert Geyts.

XS
SM
MD
LG