Karzay hukumati va Tolibon. Muzokara samara beradimi?


Afg'oniston hukumati Tolibon bilan muzokara qilish orqali jangarilarni zo'ravonlik yo'lidan qaytarishni maqsad qilgan. AQSh bu tashabbusni qo'llab-quvvatlaydi. Ayrimlar buni toliblarni qurol tashlashga da'vat deb tushunsa, boshqalar nazarida gap guruh rahbariyati bilan murosa qilib, ularni davlat boshqaruviga jalb qilish haqida ketmoqda. Masalaning amaliy jihatlari Vashington va Kobulda turlicha talqin qilinyapti.

Tolibon bilan muzokara bugunga kelib mamlakatdagi zo'ravonlikka chek qo'yishning muhim sharti deb ko'rilmoqda. Yaqinda Londonda o'tgan xalqaro anjumanda prezident Hamid Karzay toliblar bilan gaplashamiz deb yana bir bor ta'kidladi. Mamlakatda 100 ming qo'shinga ega Qo'shma Shtatlar guruhning ayrim a'zolari bilan muzokaraga qarshi emas.

"Taklif yomon emasu, lekin uni hamma o'zi bilgancha tushunyapti", - deydi sobiq razvedkachi Bryus Raydel. "Rasmiy bayonotlarga quloq tutsangiz, buni amalda qanday tatbiq etish borasida yaxlit bir fikr yo'qligini anglaysiz".

AQSh nazarida Tolibon safida qo'rquv sabab yoki moliyaviy mukofot evaziga jang qilayotganlar talaygina. Ularga qurolini tashlab, zo'ravonlikdan voz kechib, tinch hayotga qaytish uchun imkon berish kerak.

"Boshqa tarafdan", deydi Richard Xolbruk, AQShning Afg'oniston va Pokistonga mas'ul vakili, "urushni tugatish maqsadida Tolibon rahbariyati bilan siyosiy murosa to'g'risida takliflar yangramoqda". Obama ma'muriyati bu yondashuvni ma'qullamaydi.

Richard Xolbruk va boshqa rasmiylarning ishonishicha, Tolibon safida jang qilayotganlarning qariyb 70 foizi radikal bo'lmagan, hukumatdan va o'z yetakchilaridan norozi, korrupsiya va qashshoqlikdan to'ygan odamlar. Bu degani - iqtisodiy imkoniyatlar va ish taklif qilib ularni harakatdan chiqishga ko'ndirish mumkin. Lekin bu taxminni na tasdiqlash, na inkor etish mumkin.

Harbiy tahlilchi Larri Gudson fikricha esa mojaroning hozirgi pallasida jangarilar bilan muloqot imkoniyati qo'ldan boy berilgan.

"Bu davr ichida mutaassiblikka mukkasidan ketgan yosh toliblar voyaga yetdi, vaziyat kundan-kunga o'zgarib bormoqda. Ular qo'li ustun kelayotganini yaxshi biladi. Jangarilarning muayyan talablarini inobatga olmasdan, jiddiy muzokara haqida gapirish qiyin."

Talablardan biri shuki, xalqaro koalitsiya qo'shinlari Afg'oniston zaminini tark etishi kerak. Prezident Hamid Karzay, deydi tahlilchi Bryus Raydel, xorijiy kuchlar bir kun ketishini anglab, Tolibonni hamjihatlikka chaqirmoqda.

"Afg'on rahbari sodda-anoyilardan emas. Mulla Umar boshchiligida toliblar hukumat bilan muzokara qilgisi yo'q. Lekin Karzay hukumatga qarshi kurashayotgan guruhlar bilan muloqotga ochiqligini aytib, omma orasida shuhrat qozonyapti", - deydi siyosatshunos.

AQSh diplomati Richard Xolbrukning aytishicha, Qo'shma Shtatlar Tolibon bilan to'g'ridan-to'g'ri muzokara qilayotgani yo'q. Yaqinda maxfiy uchrashuvlar o'tganini ham inkor etgan. Afg'on hukumatining toliblarni tinch hayotga qaytarish tashabbusini qo'llab-quvvatlaymiz, biroq muzokara harbiy harakatlar bilan birga olib borilishi kerak, deydi rasmiy.

XS
SM
MD
LG