Hilmandda Tolibonga qarshi yirik operatsiya


NATO Afg’onistonning Hilmand viloyatida Tolibonga qarshi yangi operatsiyalar boshlar ekan, qo’mondonlar aholidan ogoh bo’lishni, xavfli zonalardan uzoqda turishni so’ramoqda.

Hujumlar asosan Marja shahri atrofida rejalangan. 80 ming kishi istiqomat qiladigan bu joy afyun makoni va butunlay Tolibon qo’li ostida. Minglab afg’onlar hozir Marjani tark etgan, qolganlarining hayoti tabiiyki tahdid ostida.

Operatsiyani olib borish AQSh va Britaniya qo’shinlari zimmasida.

Xalqaro koalitsiya qo’mondoni, AQSh generali Stenli Makkristalning aytishicha Marja singari shaharlar afg’on hukumati nazoratiga o’tishi shart va harbiylar buni ta’minlashga bel bog’lagan.

“Hujumlarni juda ehtiyotkorlik bilan rejaladik. Aholiga zarar yetmasligi shart”,- deydi general.

Lekin AQSh harbiylari fikricha Tolibon Marjani osonlikcha boy bermasligi mumkin. Shaharda jangarilar soni bir necha yuzni tashkil etadi degan taxminlar bor. Hilmandning bu qismi avval ham Tolibondan tortib olingan, ammo qo’shinlar soni yetishmagani sabab ular Marjada uzoq tura olmagan va shahar yana jangarilar qo’liga o’tib ketgan.

Bu yil Afg’onistonda NATO safidagi askarlar soni 150 mingga yetishi kutilmoqda, asosan AQSh o’z harbiylari sonini oshirayotgani hisobiga. Marjadaga operatsiya safarbar etilgan zobitlarning aksariyati Afg’onistonga yaqinda xizmatga borgan amerikaliklar.

XS
SM
MD
LG