Ukraina yangi siyosiy inqiroz arafasida


Ukrainada prezident saylovlarining ikkinchi bosqichi o'tib ham vaziyat mavhumligicha qolmoqda. Muxolifat rahbari Viktor Yanukovich Markaziy Saylov Komissiyasi ma'lumotiga ko'ra raqibi Yuliya Timoshenkodan ko'proq ovoz to'plagan bo'lsa-da, bosh vazira mag'lubiyatini tan olmoqchi emas. Ba'zi saylov uchastkalarida ovozlar qayta sanalishini talab qilmoqda.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti kuzatuvchilari saylovlar ochiq va adolatli o'tdi deyishiga qaramay, Yuliya Timoshenko partiyasi kuzatuvchilari 900 ta saylov uchastkasida ovozlar soxtalashtirilgan, deya ularni qayta hisoblashni so'ramoqda.

Poytaxt Kiyevdagi nodavlat tashkilot rahbari Oleg Soskinning aytishicha, tomonlar murosa qilmasa bo'lmaydi.

"Diktaturagacha bormaydi degan umiddaman", - deydi Soskin.

Kuzatuvchilarga ko'ra, agar munozara tinch yo'l bilan hal bo'lmasa, bu mamlakatda usiz ham siyosiy beqaror vaziyatni yanada taranglashtirishi mumkin. Saylovlardan oldin Timoshenko ovozlar soxtalashtirilishini bashorat qilib "Qo'ng'ir inqilob"ga yetaklagan 2004 yil namoyishlaridan kuchliroq chiqishlarga qodirmiz, degan edi. Iqtisodiy tanazzuldan jiddiy zarar ko'rgan Ukrainada siyosiy barqarorlik o'rnatilmas ekan, Xalqaro Valyuta Jamg'armasi noyabr oyidan beri muzlatilgan 16,4 milliard dollar kreditni chiqarmoqchi emas.

Tahlilchilar nazarida Timoshenkoni bosh vazirlikdan olish oson bo'lmaydi, chunki uning "Vatan" partiyasi parlamentda ko'pchilik o'rinlarga ega. 2006 yildagi konstitutsion tuzatishlarga ko'ra, bosh vazir nomzodini endilikda prezident emas, parlament ko'rsatadi.

Agar Timoshenko o'z xohishi bilan iste'foga chiqmasa, Yanukovich parlamentga so'zini o'tkaza olishi uchun uning "Regionlar partiyasi" yirik koalitsiya tuzishi kerak bo'ladi. Bosh vazirni yangilashning yana bir yo'li - parlamentni tarqatib, muddatidan erta saylovlar o'tkazish. Biroq, deydi tahlilchilar, Yanukovich tarafdorlari parlamentda ko'pchilik o'rinlarni egallashiga kafolat yo'q.

Viktor Yanukovichning aytishicha, Timoshenko mag'lubiyatini anglagan va iste'foga tayyor turishi kerak.

Mutaxassislar nazarida saylovlar mamlakat qutblashganini yaqqol namoyish etdi. Ukraina g'arbi va markazidagi 16 ta oblast Timoshenkoni qo'llab-quvvatlagan bo'lsa, sharq va janubdagi ko'plab etnik ruslar yashovchi 10 viloyat saylovchilari ovozlarini Yanukovichga bergan.

Ba'zilar siyosiy vaziyatni barqarorlashtirish uchun Yanukovich amaldagi prezident, uning o'tgan saylovlardagi raqibi va Timoshenkoning sobiq ittifoqchisi Viktor Yushchenkoni o'ziga bosh vazir qilib olgani ma'qul, demoqda.

Bosh vazira saylovlardan so'ng 3 kun sukut saqlab, kecha ilk bor televideniye orqali Vazirlar Mahkamasining yig'ilishida ko'ringan.

Ovozlar, Timoshenko talab qilganidek, qayta hisoblangan taqdirda ham, deydi ba'zi mutaxassislar, saylov natijalariga jiddiy ta'sir qilish ehtimoli juda ham kam.

Mustaqil saylovchilar qo'mitasi raisi Oleksandr Chernenkoning aytishicha, soxtalashtirish hollari ayrim uchastkalarda joy olgan bo'lishi mumkin, ammo natijalarni bekor qilishga olib keladigan sistematik qonunbuzarliklar bo'lganiga dalil yo'q.

Saylovlardan so'ng o'tkazilgan ijtimoiy so'rov natijalariga ko'ra, so'ralganlarning 68 foizi saylovga ishonch bildirgan. 46 foizi jarayon qonunbuzarliklardan xoli bo'lmadi deydi.

XS
SM
MD
LG