Yadro quroli global tinchlik kafolatimi yoki tinchlikka tahdid?


Germaniya AQShdan bu mamlakatdagi va umuman Yevropadan yadroviy qurollarini olib chiqishni talab qilar ekan, ana shu savol ko’ndalang turibdi.

Germaniya koalitsion hukumati nazarida atom qurollari Sovuq Urush sarqiti va ulardan qutulish kerak.

Yadro quroli yarim asrdan oshibdiki, dushmanni qo’rqitish va hujumdan qaytarishning samarali vositasi bo’lib xizmat qilib kelgan.

Prezident Barak Obama o’tgan yili Chexiya poytaxti Pragada qilgan nutqida dunyoni yadro qurolidan tozalashga chaqirgan edi.

“Qo’shma Shtatlar bu borada konkret qadamlar tashlashga va’da beradi. Xavfsizlik strategiyamizda atom qurollari rolini kamaytirib, boshqa davlatlarni ham shunga da’vat etamiz”, - degan edi Obama.

AQSh Yevropaning ayrim davlatlarida Sovuq Urush davridan qolgan 200 ga yaqin strategik qurolga ega. Obama ma’muriyati ular taqdirini hal qilish arafasida ekan, Germaniyaning bu vositalarni o’z hududidan chiqarish talabi keskin tanqidga uchramoqda.

1999-2004 yillarda NATO bosh kotibi bo’lgan Jorj Robertson fikricha maqsad qanchalik ezgu bo’lmasin aks natijasni berishi mumkin. “Amerikaning yadro arsenali butun qit’a uchun himoya “soyaboni” vazifasini bajaradi. Uning biror qismi olib tashlansa oqibatlar qanday bo’lishini aytish qiyin”.

“Yevropadagi yadroviy qurollar xavfsizlik kafolati hamdir. Bunday kafolat berilmas ekan, ko’p tomonlama bitimlar izdan chiqishi va qit’ada qurol poygasi boshlanishi mumkin”, - deydi Jorj Robertson.

Yevropada xavfsizlikni ta’minlovchi bosh tuzilma bu NATO, Shimoliy Atlantika harbiy ittifoqi bo’lib, unga 28 davlat, jumladan AQSh va Turkiya a’zo. Tashkilot bitimiga binoan bir a’zoga qilingan xuruj butun ittifoqqa hujum demakdir. Sharqiy Yevropa mamlakatlari shu bois unga qo’shilgan, deydi harbiy tahlilchi Franklin Miller.

“Yangi a’zolar biladiki, NATO ularning hududiy birligi kafolatidir. Bu Yevropani urush-mojarolardan va tashqi agressiyadan saqlaydi”, - deydi u.

Xavfsizlik masalalari bo’yicha boshqa bir mutaxassis Kori Shokay deydiki, ayni paytda Rossiya ixtiyorida 5400 atom raketasi mavjud. “Kreml bilan kelishib, ular sonini kamaytirish va qolganini nazoratga olish ham NATO, ham Rossiyaning manfaatida”, - deydi olim.

NATO sobiq rahbari Jorj Robertson ham bu fikrni quvvatlaydi. “Fursatdan foydalanib, Rossiya bilan qisqa masofaga uchadigan yadro raketalarni kamaytirishga qaratilgan muzokara boshlash kerak. Bu ittifoqchilik rishtalari va o’zaro ishonchni mustahkamlash uchun imkoniyat”.

Tahlilchilarga ko’ra, bugungi kunda Rossiya qo’lidagi raketalarning qanchasi yaroqli ahvolda ekanini bilish qiyin. Muhimi - oshkoralikni ta’minlash, toki tomonlar bir-biriga aniq va tekshirib bo’ladigan ma’lumot bersin.

Yevropadagi yadroviy qurollar yuzasidan bahs-munozaralar dunyo hamjamiyatining Eronga munosabatini ham belgilaydi, chunki NATO a’zolaridan biri Turkiya Eron va Yaqin Sharq mintaqasining boshqa davlatlari bilan chegaradosh.

Rossiya bilan strategik qurollarni kamaytirish bitimini yangilayotgan Qo’shma Shtatlar yaqin orada o’z pozitsiyasini bildirishi kutilmoqda.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG