Rossiya intellektual krizisni boshdan kechirmoqda


Reyter axborot agentligi tahliliga ko'ra, Rossiya ilm-fan sohasi va unga aloqador sanoatlarda yetakchi o'rinlarni boy bermoqda.

Tahlilda aytilishicha, Sovet Ittifoqi qulaganidan beri mamlakatda ilm-fan uchun davlat xarajatlari keskin kamaygan. Rossiyaning dong'i ketgan tadqiqot institutlari uchun ajratilayotgan mablag' AQSh ilmiy dargohlari byudjetining atigi 5 foiziga to'g'ri keladi xolos.

O'tgan dekabr oyida prezident Dmitriy Medvedev jahondagi eng yirik neft va gaz zaxiralariga ega "Rosneft" davlat kompaniyasini tanqid qilib, kompaniya izlanish va ilmiy tadqiqotlarga daromadining atigi nol butun mingdan 15 foizini (0,015) sarflayotganini aytdi.

"Biznes qilish psixologiyasi va mafkurasini o'zgartirib, zamonaviy sharoitga moslashtirish zarur", - deydi davlat rahbari.

"Reyter" tahliliga ko'ra, fan sohasidagi muammolar yuqori malakali mutaxassislarning chetga chiqishi bilan ham bog'liq. Yaxshiroq maosh, ilmiy kamolot va ijod uchun zamonaviy sharoitlar ilinjida mamlakatni 80 mingga yaqin olim tark etgan, deyiladi hujjatda.

Moskvadagi Globalizatsiya muammolari instituti direktori, iqtisodchi Mixail Delyaginning aytishicha, ilmiy ijod uchun sharoitning yomonligi, byurokratiya, ilm dargohlarining g'aribona ahvoli ham muammo negizidagi omillardan.

"Institut olimlari o'zlarini nodon rahbar qo'lida ishlayotgan qulday his qiladi. Bu maskanlarning taraqqiyot darajasi 20-, ba'zilariniki esa hattoki 19-asrga to'g'ri keladi", - deydi Delyagin.

Rossiya Fanlar akademiyasi a'zolarining o'rtacha yoshi 50 dan katta. Mudofaa jabhasida esa bu raqam 60 ga teng, deydi tahlilchi Pavel Felgenxauer.

"Mamlakatni tark etayotgan yosh mutaxassislar oilasini boqishga maosh yetmayotganini sabab qilib ko'rsatadi, chunki harbiy-sanoat kompleksiga aloqador korxonalarda kam to'lashadi".

Yana bir sabab, deydi ekspert, oliy o'quv yurtlari saviyasining pastligida. Ayrim professorlar baholarni pullab, ilm ulashish o'rniga, korrupsiyaga berilgan.

Prezident Medvedev mamlakatda ilm-fanni rivojlantirish uchun chetdan mutaxassislar yollashni taklif qilmoqda. Biroq, deydi Mixail Delyagin, bu Rossiyada neft bilan shug'ullanuvchi kompaniyalar manfaatlariga zid.

"Bizga biotexnologlar ham, yonilg'ini tejash bo'yicha mutaxassislar ham kerak emas. Chunki ular energetika sohasida davlat monopoliyasiga tahdiddir. Yonilg'i tejalsa, ular nimadan foyda ko'radi", - deydi iqtisodchi kinoya bilan.

Yukos neft kompaniyasining Kremlni tanqid qilib panjara ortiga tushgan sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy yaqinda yozgan maqolasida "Rossiyada xom ashyoga tobelik va korrupsiya sabab fundamental va amaliy fanlarga e'tibor susaygan" deydi.

XS
SM
MD
LG